20 iyun kuni kechqurun Tbilisida norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi. Parlament qarshisidagi maydonga 10 minggacha odam yig‘ildi. Ular Gruziyada «Rossiya bosqini"ga qarshi chiqib, parlament raisi Irakliy Kobaxidze, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati rahbarlarining iste’fosini talab qildi. namoyishchilar talabi qondirilmagach, ular parlament binosiga bostirib kirishni boshladi, deya xabar qildi «Meduza».

Norozilik aksiyasiga Rossiya Dumasi deputati Sergey Gavrilovning Gruziya parlamentidagi nutqi sabab bo‘ldi. Sergey Gavrilov majlis boshlanganidan so‘ng parlament spikeri kursisiga o‘tirib, yig‘ilganlarga rus tilida murojaat qilgan. Bu esa «Yagona milliy harakat» va «Yevropa Gruziyasi"dan bo‘lgan muxolifatning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Hukmron partiya «Gruzin orzusi» raisi milliarder Bidzina Ivanishvili, bosh vazir Mamuka Baxtadze va parlament spikeri Irakliy Kobaxidze «bosqinchi mamlakat vakili qisqa vaqtga bo‘lsa ham Gruziya parlamenti raisi kursisini band etgani uchun» uzr so‘radi.

Namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zda yosh oqizuvchi gaz, rezina o‘qlar va suv purkagichlardan foydalanildi. Aksiya ishtirokchilari politsiya vakillariga shishalar uloqtirib, ulardan qalqonlarini tortib olgan. To‘qnashuvlarda 70 ga yaqin kishi, jumladan 39 politsiyachi va 8 jurnalist jarohatlandi.

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili Rossiya mamlakatda ichki qarama-qarshilikni ta’minlashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi, deb yozmoqda RIA Novosti. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gruziyada ichki qarama-qarshiliklarni kengaytirayotganlar «Rossiya siyosatini» qo‘llab-quvvatlamoqda.

Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Grigoriy Karasin Kreml assambleya faoliyatining buzilganidan g‘azabda ekanini ta’kidladi. AQSH tomonlarni xotirjamlikni saqlash va doimo konstitutsiya doirasida harakat qilishga chaqirdi.