Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida nutq so‘zlar ekan, 25 may kuni Yaqin Sharqdagi mojaro o‘choqlarida bo‘lib turgan ayollar va bolalarni olib kelish uchun O‘zbekiston tomonidan yuborilgan samolyotni o‘qqa tutish bilan tahdid qilindi, deya ma’lumot berdi. Samolyot Turkiya bilan chegaradan qaytdi va Bokuga qo‘ndi.

«Biz tomonimizda yuborilgan samolyot ortga qaytarildi. Menga qo‘ng‘iroq qilib „Samolyotni qaytar, yoki biz o‘t ochamiz“, deyishdi. Men havo laynerini Ozarbayjonga qo‘ndirish haqida topshiriq berdim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

30 may kuni Damashqdan parvozni amalga oshirgan ikkinchi maxsus reys omadli bo‘ldi — 156 nafar fuqaro, jumladan 48 ayol, 106 nafar bola va bir erkak kishi O‘zbekistonga olib kelindi.

Prezidentning bildirishicha, vatandoshlar vaqtincha bo‘lib turgan joyga yo‘naltirilgan beshta avtobusning faqat ikkitasi odamlar bilan qaytdi. «Ayollarning katta qismini berishmadi», — dedi davlat rahbari.

«Bu ayollar nega ketdi, nima izlab ketdi? Qanday sabab bilan? Men parlamentdan ular bilan ishlash masalasi bo‘yicha taklif kutgan edim. Biroq hech kimdan hech qanday taklif kelmadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.