2019 yil 27 may kuni «Asiaterra.info» saytida toshkentlik bir guruh ayollar Prezident trassasida janjal uyushtirgani va ularga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlanganidan norozi bo‘lishgani bilan bog‘liq maqola e’lon qilingan. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Darhaqiqat, 2019 yil 20 may kuni soat taxminan 08.45 larda Gulbahor Tashmatova, Malika Haitova, Muhabbat Akbarova, Gulbahor Karimbekova va Xursanoy Ergasheva Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shoh ko‘chasi, O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar Qo‘mitasi binosi qarshisida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining harakatlanishi uchun mo‘ljallangan maxsus yo‘nalishda to‘planishib, davlat rahbarining mazkur yo‘nalishdan harakatlanishini bilgan holda, maxsus yo‘nalishda harakatlanayotgan kortedj yo‘liga chiqib murojaat qilmoqchi bo‘lganlarida, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari D.Douletov va B.Izzatullayev ushbu fuqarolarga mazkur yo‘nalish bo‘ylab to‘planib turish va davlat rahbariga bunday tarzda murojaat qilish mumkin emasligini, o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar bilan tegishli tartibda murojaat qilish lozimligini tushuntirib, maxsus yo‘nalishdan chetroqda turish kerakligini aytganlarida, shikoyatchi ayollar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarini turli uyatli so‘zlar bilan haqoratlab, shovqin-suron ko‘tarishib, qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortishib, qarshilik ko‘rsatgan holda harbiy xizmatchilarning maxsus kiyim boshlarini yirtganlar.

Ish hujjatlaridagi jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish va ma’muriy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlik holati bo‘yicha ma’muriy ishning X.Ergashevaga oid qismi uning xasta ekanligi munosabati bilan alohida ish yurituviga ajratilganligi ko‘rsatilgan.

Mazkur ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman ma’muriy sudi tomonidan 2019 yil 21 mayda ko‘rib chiqilgan.

Sud majlisida so‘ralgan G. Tashmatova, M.Xaitova, M.Akbarova va G. Karimbekova o‘zlarining huquqbuzarlik harakatini inkor etib, sudda holat yuzasidan ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlar.

Garchand shikoyatchi ayollar o‘zlariga oid ma’muriy ish yuzasidan sud majlisida ko‘rsatuv berishdan bosh tortgan bo‘lsalar-da, sud ish hujjatlarini atroflicha o‘rganib, ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berib, mazkur huquqbuzarliklarni sodir qilganliklari quyidagi asoslarga ko‘ra, ya’ni milliy gvardiya xodimlarining bildirgilari, guvohlarning tushuntirish xatlari, sud majlisi jarayonida aniqlangan holatlar va ish hujjatlarida mavjud bo‘lgan boshqa dalillar bilan to‘liq tasdiqlangan.

Ushbu fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, G. Tashmatova va M.Xaitova Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 34-moddasiga asosan uzil-kesil 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan;

M.Akbarova va G. Karimbekova Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, ularga 34-moddasiga asosan uzil-kesil 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ushbu fuqarolardan kassatsiya tartibida shikoyati kelib tushmagan.