Toshkentda 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning o‘n sakkizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Tadbirda ilk bor ikki mamlakat hukumatlari rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlarining tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, energetika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalar bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Dastlab O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Respublikasi bosh vaziri Asqar Mamin o‘rtasida tor doirada uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng ikki mamlakat hukumatlari vakillari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara boshlandi.

Majlisda O‘zbekiston — Qozog‘iston munosabatlari ko‘plab sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy yo‘nalishda jadal sur’atlarda rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

Keyingi yillarda iqtisodiyotning yetakchi soha va tarmoqlarida jadallashgan aloqalar tufayli o‘zaro savdo hajmi 2018 yilda qariyb 50 foiz o‘sib, 3 milliard dollardan oshdi. Ikki davlat rahbarlari tomonidan 2020 yilda savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Buning uchun mamlakatlarimizda yetarli salohiyat mavjud.

O‘tgan yili Chimkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston — Qozog‘iston birinchi hududlararo forumida qiymati 320 million AQSH dollaridan ziyod miqdordagi shartnomalar imzolangan, hududlar o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha 15 ta kelishuvga erishilgan edi.

O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida shu yilning to‘rtinchi choragida o‘tadigan ikkinchi hududlararo forum mintaqalar o‘rtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Majlisda hududlararo va chegaraviy hamkorlik, bojxona, energetika, suvdan foydalanish, turizm va yoshlar siyosati kabi sohalar bo‘yicha o‘zaro aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Transport-tranzit, kosmik faoliyat, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Tadbir so‘nggida ikki mamlakat vazirlik va idoralari tomonidan Markaziy Osiyo savdo-iqtisodiy hamkorligi xalqaro markazini tashkil etish, O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida tezyurar poyezd qatnovini yo‘lga qo‘yish, turizm, yengil sanoat sohalari bo‘yicha hamkorlikka doir memorandumlar va boshqa shartnomalar imzolandi.