17−19 iyun kunlari Minsk shahrida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyasining sakkizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.

O‘zbekiston va Belorussiya boshqaruv doiralari, vazirliklar, uyushmalar va kompaniyalar tomonidan turli sohalarda, xususan yengil va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, chorvachilik, mebel va qurilish materiallari hamda boshqa cohalarda hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.

Belarus bosh vaziri o‘rinbosari Vladimir Dvornik respublika hukumati O‘zbekiston bilan sanoat kooperatsiyasiga qiziqish bildirayotgani hamda texnikalarni ishlab chiqarish bo‘yicha keng miqyosli loyihani amalga oshirishni taklif etishini ma’lum qildi. Uning fikricha, belarus korxonalari ishtirokida O‘zbekiston gaz-transport va gaz taqsimlash tarmoqlarini avtomatlashtirish bo‘yicha loyihalar muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkin, deb yozadi «Belta» agentligi.

«Agrosanoat majmuasi, mashinasozlik, oziq-ovqat va farmatsevtika, yengil sanoat sohalaridagi hamkorlik ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi. Asosiy e’tiborni sanoat kooperatsiyasi, hamkorlikdagi ishlab chiqarishlarni tashki etishga qaratamiz, — dedi Vladimir Dvornik. — O‘zbekistonda yuk, maxsus va tirkamali texnikalar, gaz-motorli yoqilg‘ili avtobuslarni ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha keng miqyosli loyihalarni taklif etamiz. Minsk avtomobil zavodi yuqori darajali mahalliylashtirishni o‘z ichiga olgan bu kabi ishlab chiqarishlarni tashkil etishda ishtirok qilishga tayyor». Farmatsevtika va yengil sanoat sohalarida ham o‘zaro aloqalar uchun istiqbollar mavjud.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi sohasida O‘zbekistonda o‘zbek tomoni mablag‘lari hisobidan belarus loyihaviy va qurilish tashkilotlari, butlovchi uskunalarini jalb qilgan holda sut-tovar majmualarini qurish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Aprelda tashkil etilgan «Zdravushka Tashkent» korxonasi loyihasi bo‘yicha sutni qayta ishlash zavodi va sut-tovar majmuasini qurish rejalashtirilmoqda.

Belarus sifatli o‘zbek mahsulotlari, birinchi navbatda — sarxil va qayta ishlangan mevalar va sabzavotlar, yong‘oqlar, paxta tolasi va mis simga qiziqish bildirgan.

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vaziligi ma’lumotlariga ko‘ra, Belarus Davlat texnologik universiteti rektori va rahbarlari bilan uchrashuvda hamkorlikda qurilish sohasida va iqtisodiyotning boshqa yo‘nalishlarida hamkorlikdagi amaliy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kelishildi.

Xususan, Belarus Milliy Fanlar akademiyasi Prezidiumi Raisi o‘rinbosari bilan Belarus Milliy fanlar akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi o‘rtasida ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi xujjatlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur hujjat ikki davlat asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha innovatsiyalarni joriy qilish, ilmiy va texnik rivojlanish uchun sharoit yaratish hamda so‘nggi texnologiyalarni o‘zlashtirish sohalarida hamkorlik orqali O‘zbekiston va Belarus ilmiy muhitini rivojlantirish uchun samarali aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, tanlovdan o‘tgan 10 nafar aspirant va 200 nafar yosh olimlarni qisqa muddatli stajirovka kurslariga yuborish uchun Belarus Respublikasining yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida aspirantura va doktoranturada o‘qishlari uchun ilmiy muassasalarni belgilashni tezlashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Tashrif doirasida Belarus davlat universiteti va «Unitexprom BGU» texnoparklari rahbarlari bilan uchrashuv ham o‘tkazildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi «Yashnaobod» texnoparki hamda «Unitexprom BGU» texnoparki rezidentlari o‘rtasida tajriba o‘rtoqlashish hamda yurtimizda hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.