O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi 20 may kuni Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida Milliy gvardiya xodimlari tomonidan besh nafar ayolning qo‘lga olingani to‘g‘risidagi xabarga izoh berdi.

Avvalroq OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ularning to‘rt nafari — Gulbahor Toshmatova, Malika Xayitova, Muhabbat Akbarova va Gulbahor Karimbekova — go‘yoki Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva qabuliga kirmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingani to‘g‘risidagi xabarlar tarqalgan edi.

Milliy gvardiya matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, ayollar 8:45 da Mustaqilliy ko‘chasida qo‘mita binosi qarshisida ushbu yo‘nalish bo‘yicha davlat rahbari korteji o‘tishini bilgan holda to‘plangan. Ular harakatlanayotgan kortejni to‘xtatib, prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilmoqchi bo‘lishgan.

Harbiy xizmatchilar ayollarga ushbu yo‘nalishda fuqarolarning to‘planishi mumkin emasligini hamda o‘zlarini qiziqtirgan masalalarda kimga va qanday tartibga murojaat qilish lozimligini tushuntirishgan. So‘ngra Milliy gvardiya xodimlari ayollardan jamoat tartibini saqlashni so‘rashgan, biroq ular rad etgan va harbiy xizmatchilarni haqorat qilishgan, deya xabar berdi Milliy gvardiyadan.

Hodisadan so‘ng Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan tekshiruv o‘tazildi. Tekshiruvlar natijalari bo‘yicha ma’muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan «o‘zlarini jabrdiyda ko‘rsatgan» shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanildi, deya qayd etdi Milliy gvardiya matbuot xizmati.

Ayollarning o‘zlari «Ozodlik» radiosiga intervyusida qo‘mita binosi yaqinida tashkilot xodimlari bilan uchrashishni kutib o‘tirganini ma’lum qilgan. Ularning oldiga Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi borib, bu yerda o‘tirish mumkin emasligini aytadi, shundan so‘ng ularni Mirzo Ulug‘bek tuman IIO FMBga olib boradi.

Gulbahor Toshmatova, «Ozodlik» ma’lumotlariga ko‘ra, Xotin-qizlar qo‘mitasiga poytaxtdagi maktablardan birining direktori lavozimidan noqonuniy bo‘shatilgani sababli Xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qilmoqchi bo‘lgan. Muhabbat Akbarova esa sobiq prokurorga bergan qarzini, sud hukmlari mavjudligiga qaramay, Majburiy ijro byurosi undirib berolmayotganidan shikoyat qilmoqda. Yaqinda unga Yangiyo‘l tuman Majburiy ijro byurosidan kelgan xatda sobiq prokuror nomida hech qanday mol-mulk mavjud emasligi bayon etilgan. Malika Hayitova sobiq eri bilan bog‘liq mol-mulk bo‘yicha sud jarayonlarining cho‘zilib borayotganidan shikoyat qilmoqda. Gulbahor Karimbekova esa uning turmush o‘rtog‘i YTH ortidan noqonuniy sudlanib, qamalib ketganidan norozilik bildirmoqda.

Xotin-qizlar qo‘mitasi ayollar hodisadan so‘ng taklif qilingani hamda ular bilan muammolariga oid suhbat bo‘lib o‘tganini xabar qildi. «Ularning muammolari huquqni muhofaza qilish organlari vakolatiga kirsa ham, bugungi kunda ular belgilangan tartibda ko‘rib chiqilmoqda. Ikki ayolning muammolari o‘zining ijobiy yechimini topdi», — deya qayd etdi qo‘mita vakili.

Tashkilot vakilining eslatib o‘tishicha, fuqarolar qabuli har kuni o‘tkazilmoqda, qo‘mita raisi Tanzila Norboyeva esa payshanba kunlari ertalabdan kechgacha (xizmat safarida bo‘lgan kunlardan tashqari) ayollarni qabul qilmoqda. Qo‘mita matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, 20 may kuni qabulga 18 nafar ayol kelgan.