Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning soliq qarzini undirishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlar davomida 1560 nafar yakka tartibdagi tadbirkorning 21 mlrd so‘m, 3250 nafar fuqaroning 1,7 mlrd so‘m soliq qarzi undirildi. Bu haqda Toshkent shahar DSB matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda eng ko‘p qarzdorlik qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida soliq qarzini undirish bo‘yicha joylarda o‘tkazilgan tadbirlar davomida 12765 ta qarzdor korxonaning 487,6 mlrd so‘mdan ziyod soliq qarzi undirilgan bo‘lsa, shundan 174,8 mlrd so‘mi aynan qurilish korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Misol uchun, Chilonzor tumanida ro‘yxatdan o‘tgan «KO'PRIKQURILISHBUTLASH» korxonasi rahbarlarining loqaydligi sabab to‘planib qolgan 1,2 mlrd so‘mlik soliq qarzi majburiy undiruvga qaratilib, sud qarori asosida undirildi.

Xuddi shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanida ro‘yxatdan o‘tgan «Toshkent issiqlik markazi» davlat unitar korxonasining soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan bo‘lgan qarzi oylar davomida to‘planib qolgan. Tuman davlat soliq inspeksiyasining bir necha bor ogohlantirishiga qaramay, soliq qarzdorligi bartaraf etilmadi. Pirovardida 3,2 mlrd so‘mlik qarzdorlik korxonaning debitorlari hisobidan inkasso topshiriqnomasi asosida undirib olindi.