Vazirlar Mahkamasining «Sirdaryo viloyatida agrosanoat klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori 2019 yilning 18 iyun sanasida qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga ko‘ra:

Sirdaryo viloyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga tarkibida sellyuloza mavjud bo‘lgan ekinlar va almashlab ekishda qatnashadigan boshqa ekinlarni yetishtirish va qayta ishlash siklini yaratishni nazarda tutuvchi agrosanoat klasteri tashkil etiladi;

klasterni yaratish uchun «RS Success Agro» MCHJ tashkil etiladi.

Klasterning asosiy vazifalari ilg‘or ilmiy yutuqlarni, sellyuloza mavjud bo‘lgan ekinlar va boshqa qishloq ho‘jaligi ekinlarini yetishtirishning zamonaviy va samarali usullarini, ilg‘or agrotexnik va suv tejamkor texnologiyalarni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda texnik kanop hamda zig‘ir tolasi va urug‘ini qayta ishlashning samarali usullarini va ularni qayta ishlash texnologiyalarini joriy etishdan iborat.

Shuningdek, qaror bilan «Industrial Innovation Group LLC» (Birlashgan Arab amirliklari) va «RS Success Agro» MCHJ tomonidan 2019−2023 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining prognoz parametrlari tasdiqlandi.