2019 yilning 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati qo‘mitalari va komissiyasining majlislari bo‘lib o‘tdi. Ularda parlament yuqori palatasining yigirmanchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokama qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

So‘zga chiqqanlar yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan masalalar mamlakatimiz taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichida belgilangan maqsadlar va vazifalarni amalga oshirishga, 2017−2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga qaratilganligini ta’kidladi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasining huquqiy maqomi mustahkamlanmoqda. Qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik va shaffoflik Hisob palatasi faoliyatining asosiy prinsiplari sifatida kiritilmoqda.

Hisob palatasi davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratining oliy organidir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti loyihasi parametrlari shakllantirilishining va uning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi ustuvor yo‘nalishlarga muvofiqligining tizimli tahlilini amalga oshirish, qabul qilinayotgan davlat dasturlari va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlanganligi auditini amalga oshirish, byudjet tizimi byudjetlariga va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalarga mablag‘lar tushumlarining to‘liqligini o‘rganish hamda nazorat qilish kabi bir qator vazifalar uning zimmasiga yuklangan.

***

Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida qayd etilganidek, mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish jarayonida fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, shaxsiy daxlsizlik huquqi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar tubdan takomillashtirilmoqda. Senatning yigirmanchi yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham buning yaqqol tasdig‘idir.

Ta’kidlanganidek, Qonun fuqarolar, jamiyat va davlat xavfsizligini, shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlash jarayonida barcha qatnashchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilinishini ta’minlashda muhim ahamiyatga egadir. Qonunning qabul qilinishi esa mazkur sohaning me’yoriy-huquqiy negizini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, qo‘mita majlisida «Qurol to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlash, ularni turli xavf-xatarlardan asrashga alohida e’tibor bilan qaralmoqda. Xususan, yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash va jamoat tartibini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilib, keyingi ikki yilda mazkur sohaga oid ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilindi. Majlisda muhokama qilingan «Qurol to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham jamoat tartibini ta’minlashga qaratilgan muhim vazifalarning uzviy davomidir.

Qayd etilganidek, bugungi kunda ushbu sohaga oid huquqiy qoidalarni yagona tamoyillar asosida birlashtirishi lozim bo‘lgan qonunning yo‘qligi ko‘pgina huquqiy bo‘shliqlarni vujudga keltirmoqda. Buning oqibatida huquqni qo‘llash amaliyotida jiddiy muammolar paydo bo‘lmoqda. Yangi qonunning qabul qilinishi bu muammolarning xal qilinishiga, sohadagi munosabatlarni qonunchilik darajasida tartibga solinishiga xizmat qiladi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘likni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida mamlakatda imkoniyati cheklangan yoshlarning ta’lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida Bosh vazir o‘rinbosariga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.

Bu borada qator ishlar amalga oshirilganligini qayd etildi. Xususan, darsliklar loyihalarini baholashning shaffof mexanizmini yaratish va ularni keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining www.eduportal.uz saytida «Darsliklar muhokamasi» nomli rukn ochilib, darsliklarda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni aniqlash, ular yuzasidan tegishli izoh qoldirish imkoniyati yaratilgan.

2019/2020 o‘quv yili uchun darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalarni har tomonlama sifatli, xato va kamchiliklarsiz chop etish maqsadida 200 nafarga yaqin amaliyotchi fan o‘qituvchilari ishtirokida 31 nomdagi darslik qayta ekspertizadan o‘tkazilib, aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish uchun mualliflar va nashriyotlarga yuborilganligi ta’kidlandi.

****

O‘zbekiston Respublikasi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida ta’kidlanganidek, yigirmanchi yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan yangi tahrirdagi «Turizm to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining maqsadi turizm sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish, turistik xizmatlar bozorini rivojlantirish, shuningdek turistlar va turistik faoliyat sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Ta’kidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmoqlaridan biri sifatida turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, majlisda «Xalqaro mehnat tashkilotining 1930 yildagi Majburiy mehnat to‘g‘risidagi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnomani (Jeneva, 2014 yil 11 iyun) ratifikatsiya qilish haqida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham senatorlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilindi.

Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi majlisida Sirdaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senati qo‘mitalarining tegishli qarorlari qabul qilindi.