O‘zbekistonda chek lotoreyasini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, chek lotoreyasi joriy etilganidan so‘ng odamlar olingan tovar yoki xizmatlar uchun chek so‘rashni boshlaydi.

Buning uchun zarur infratuzilmalar yaratilishi, jumladan elektron hisob-faktura va onlayn nazorat-kassa mashinalari joriy etilishi lozim.

«Bu yerda hech qanday cheklovlar o‘rnatmaymiz — telefon, planshet, kompyuter… Internetga ulanadigan har qanday qurilma bo‘lishi mumkin. Bu hozir ixtiyoriy. Tizimga 118 ta savdo tashkiloti ulandi. Biz har bir tashkilot nechta chek bergani, QQS qanday ko‘rsatayotganini ko‘rib turibmiz. Soliq to‘lovchilarni majburlagan holda nimadir qilish qiyin. Biroq xaridorlarni ham rag‘batlantirsak, u holda ularning o‘zlari hammasini tuzatadi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tovar yoki xizmat uchun berilgan chek lotoreya chiptasiga aylanadi. «Chekdan lotoreyada qatnashish uchun foydalansa bo‘ladi. Chek berilganidan so‘ng u bizning ma’lumotlar bazamizda aks etishi, shuningdek u haqiqiy va aniq bo‘lishi kerak», — deya qayd etdi DSQ rahbari o‘rinbosari.

Bundan tashqari, yig‘ilgan cheklardan daromad, yer, mol-mulk va boshqa soliqlarni kamaytirish maqsadlarida foydalanish mumkin bo‘ladi.

Mubin Mirzayevning fikricha, rag‘batlantirish tizimi yaratilsa, aholining o‘zi soliq to‘lovchilar va soliq organlarini nazorat qiladi.

«11 ming nafar soliq organlari xodimlari barchasini nazorat qila olmaydi. Agarda odamlar, masalan restoran, choyxona, do‘konlarda chek talab qilsa, daromadlarini ko‘rsatsa va soliqlarni to‘lasa — shuning o‘zi yetarli», — dedi u.

Yangilikni o‘z ichiga olgan prezident qarori loyihasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilib, davlat rahbari administratsiyasiga kiritilgan. Hujjatning 1 iyulga qadar qabul qilinishi kutilmoqda.