Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Elmira Bositxonova nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishi vaqtida bosh vazir o‘rinbosari — O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga ma’qullandi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Eslatib o‘tamiz, 1 apreldan kuchga kirgan qonunga ko‘ra, prezident bosh vazir taqdimnomasi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi a’zolarini Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan so‘ng tasdiqlaydi.

Elmira Bositxonova (1958 y. t.) Toshkent davlat tibbiyot institutini davolash ishi yo‘nalishida tamomlagan (1981). 1981−2011 yillarda Toshkent shoshilinch tibbiy yordam klinik shifoxonasida vrach-intern, anesteziolog-reanimatolog, bo‘lim mudiri, bosh shifokor lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

2011 yildan 2016 yilgacha Elmira Bositxonova xuddi shu lavozimda — bosh vazir o‘rinbosari — Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2016 yil dekabridan sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Hozirda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasiga 2016 yilning dekabridan buyon Tanzila Norboyeva rahbarlik qilmoqda. U 2018 yilning dekabrida rais lavozimiga yaqin besh yilga qayta saylangan edi.