Toshkent IIBB begona avtomobilga chiziq tushirgan IIO xodimining xatti-harakatlari uchun uzr so‘rab, hodisa bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabar berdi. IIBB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash bo‘yicha choralar ko‘riladi.

19 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organlari xizmat kiyimida bo‘lgan kishi «Kaptiva» rusumli avtomobilning orqa eshigi va old chap qanotini bir buyum bilan timdalagani aks etgan video e’lon qilindi.

Tekshiruvda aniq bo‘lishicha, ushbu holat 17 iyun kuni taxminan soat 8.10 da sodir bo‘lgan. Yashnobod tumani IIO FMB xodimi D.S. o‘ziga tegishli «Matiz» rusumli avtomobilda xizmatga ketmoqchi bo‘lgan vaqtda «Kaptiva» rusumli avtomobil sababli yo‘lga chiqa olmagan.

Xodimning izohiga ko‘ra, «Kaptiva» avtomobili haydovchisi E.B. ilgari ham mashinasini atrofdagilarning yo‘lini to‘sgan holda qoldirib, tanbehlarga e’tibor bermagan.

IIBB haydovchilardan o‘zgalarni hurmat qilishni va ayniqsa ko‘p qavatli uylar yaqini yoki mahallalar ko‘chalarida avtomobillarini birovga xalal bermaydigan holda qoldirishini so‘radi.