Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash tizimi tubdan takomillashtiriladi. O‘zbekiston prezidentining 17 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan qarorda 2019−2023 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish belgilandi.

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zMUda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fanni va serqirra iqtidor sohibi bo‘lgan inson kapitalini rivojlantirishga jiddiy to‘siq bo‘layotgan bir qancha muammolar va nuqsonlar aniqlandi. Keyingi yillarda universitetning Milliy universitet maqomini qaror toptirish uchun amaliy va samarali chora-tadbirlar ta’minlanmagan.

Qarorda universitetning nufuzli xalqaro agentliklar reytingiga kiritilmaganligiga, yoshlarning ilmga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish darajasi pastligiga alohida e’tibor qaratilgan. Ta’lim jarayoni va ilmiy-tadqiqot faoliyatining moddiy-texnika ta’minotida jiddiy kamchiliklar mavjud.

Mazkur kamchilik va muammolar universitet rektori Avazjon Marahimov hamda O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidovdagi «universitetning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan samarali menejmentni ta’minlash bo‘yicha jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, joriy, o‘rta muddatli va istiqbolli vazifalar tizimli tahlil qilinmagani, e’tirof etilgan xalqaro talablar va standartlar darajasida zamonaviy ta’lim, shu jumladan, innovatsion dasturlar va samarali ilmiy-tadqiqot ishlari joriy etilishini ta’minlash yuzasidan boshqaruv bo‘g‘inining rahbar kadrlari va professor-o‘qituvchilar tarkibiga nisbatan talabchanlikning sustlik» bilan bevosita bog‘liq ekani ta’kidlanadi. Hujjatda O‘zMU rahbari va uning o‘rinbosarlari qat’iy ogohlantirilgan.

Hujjatda talab yuqori bo‘lgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va universitetning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, uning O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’limi bayroqdori sifatidagi maqomini tiklashning mustahkam asosi, amaliy mexanizmi va kafolati bo‘lishga qaratilgan 9 ta maqsadli dasturni ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. 1 avgustga qadar O‘zbekiston prezidentining 5 ta tashabbusini barcha kurslarda va universitetning tarkibiy bo‘linmalarida amalga oshirish tartibini va chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish belgilandi.

2019−2021 yillarda OTM ta’lim yo‘nalishlarida tabiiy fanlar, matematik ta’lim, kompyuter texnologiyalari va informatika yo‘nalishlari ulushini oshirish belgilandi. O‘zbekiston — Isroil fakultetini, shuningdek, «Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar», «Biofizika va muhandislik tadqiqotlari», «Fundamental tibbiyot va bioximiya» fakultetlarini bosqichma-bosqich ochish nazarda tutilmoqda.

S. X. Sirojiddinov nomidagi akademik litseyga tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan Respublika akademik litseyi maqomi beriladi hamda uniuniversitetda o‘qitish uchun iqtidorli va iste’dodli bolalarni tanlab olish va tayyorlash, bo‘lg‘usi ilmiy-pedagoglar elitasini shakllantirish markazi sifatida tashkil etish vazifasi qo‘yilmoqda.

Jahonning yetakchi universitetlari tajribasi va an’analaridan kelib chiqib, ta’lim sifatini oshirish hamda xalqaro ta’lim makoniga integratsiyalashish maqsadida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab ikkita fakultetda, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab esa universitet miqyosida ta’limni tashkil etishning kredit-modul tizimini joriy qilish nazarda tutilmoqda.

Universitet 2020 yilning o‘zida quvvati 600 Mb/sek bo‘lgan ko‘p tarmoqli internet tizimiga ulanishi ta’minlanadi. Universitet hududi va qo‘shimcha maydonlari «Wi-Fi» zonasi bilan ta’minlanadi.

2020−2023 yillar mobaynida talabalar turar joylarida kapital ta’mirlash (rekonstruksiya) va jihozlash ishlari amalga oshiriladi, universitetning professor-o‘qituvchilar tarkibi va yosh tadqiqotchilar uchun 6 ta ko‘p kvartirali uylar hamda universal sport majmuasi quriladi. Aniq va tabiiy fanlar fakultetlarining o‘quv-ilmiy laboratoriyalarini jihozlash maqsadida universitetning valyuta hisobraqamiga 6,0 million AQSH dollari o‘tkaziladi.

1 sentyabrdan boshlab davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga fan va ta’lim sohasidagi barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyatini olib borayotgan fan nomzodi yoki falsafa fanlari doktori (PhD) darajasiga ega bo‘lgan xodimlarning oylik maoshiga 30 foizgacha, fan doktori (Doctor of Science) darajasiga ega bo‘lgan xodimlarning oylik maoshiga 60 foizgacha ustama haq belgilanadi. Bunda, qo‘shimcha haq bir xodimning ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyatiga qo‘shgan aniq hissasini hisobga olgan holda tarkibiy bo‘linma rahbarining taqdimnomasi asosida va muassasa (tashkilot) kollegial organining qaroriga ko‘ra to‘lanadi.

Talabalar, ayniqsa, talabalar turar joylarida yashaydigan va yashamaydigan talabalar bilan muntazam asosda faol muloqot olib borish amaliyotini joriy etish, ularning ehtiyoj va talablarini tizimli ravishda o‘rganish, talaba- yoshlarning o‘quv, ilmiy va ma’naviy hayotidagi muammoli masalalarni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish universitet rektori va prorektorlarining, dekanatlar hamda kafedralar rahbarlarining, barcha professor-o‘qituvchilar tarkibining ustuvor vazifasi etib belgilandi.