Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Termiz dala o‘quv maydonida o‘tkazilgan «Qo‘shinlar maxsus harakatlariga tayyorgarlik ko‘rish va olib borish» mavzusidagi ko‘rgazmali batalon taktik o‘quvi shartli jang mashg‘uloti namoyishi bilan yakuniga yetdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu bosqichda noqonuniy qurollangan va mamlakat ichkarisiga tomon harakatlanayotgan shartli jangarilar guruhini bartaraf etish amaliyoti o‘tkazildi.

Artilleriya, aviatsiya, harbiy texnikalar va o‘q otar qurollardan foydalanib, real vaziyatdagidek o‘tkazilgan mashg‘ulotni harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Surxondaryo viloyati hokimi hamda viloyatning mas’ul shaxslari va boshqa kuch tuzilmalari vakillari kuzatib borishdi.

Mashg‘ulot yuzasidan kuzatuvchilarda tushuncha teran hosil bo‘lishini ko‘zlab, o‘tkazilayotgan jangovar operatsiya bosqichlari mikrofon orqali sharhlab borildi.

Dastlab noqonuniy qurollangan jangarilar guruhi aniqlangan hudud havodan razvedka qilindi. Ma’lumot tasdiqlangach, artilleriyadan o‘qqa tutildi. Keyin esa harbiy texnikalar vositasida zarbalar berib, navbat bilan piyodalarning amaliyoti o‘tkazildi. Nihoyat, zaxira kuchlar ham yetib kelib, noqonuniy qurollangan jangarilar guruhi batamom yakson etildi.

Mashg‘ulot yakunida natijalar tahlil qilinib, ilg‘orlar munosib rag‘batlantirildi.