28 fevral kuni Samarqandda viloyat Perinatal markazida vafot etgan qiz chaqaloq o‘rniga o‘g‘il bolaning jasadi berib yuborilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, Samarqandning Yoshlar mahallasida yashovchi F.M. (1992 yilda tug‘ilgan) Samarqand IIO FMBga murojaat qilib, 28 fevral kuni Samarqand viloyat Perinatal markazida turmush o‘rtog‘i G. K qiz jinsli chaqaloqni dunyoga keltirgani, shu kuni kechki paytda shifokorlar turmush o‘rtog‘i G. K.ga uning chaqalog‘i vafot etgani haqida xabar bergani, unga o‘g‘il jinsli chaqaloqning murdasini berib yuborganini ma’lum qiladi. Ushbu murojaat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilgan.

Tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida, O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markaziga ekspertiza tayinlandi. 31 maydagi xulosasida vafot etgan chaqaloq murdasidan olingan namunalar fuqaro F.M va G. K.ning farzandidan kelib chiqmagani, ularning vafot etgan chaqaloqga nisbatan biologik ota-onasi ekanini tasdiqlanmasligi ko‘rsatilgan.

Mazkur to‘plangan hujjatlar bo‘yicha Samarqand bo‘yicha IIO FMB huzuridagi TB tomonidan 6 iyun holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 124-moddasi (bolani almashtirib qo‘yish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi hujjatlari shahar prokuraturasida nazorat tartibida o‘rganilib Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi TB tomonidan dastlabki o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilishida O‘zR JPKning 329-moddasi talablari qo‘pol ravishda buzilib, belgilangan muddatlarda qaror qabul qilinishi ta’minlanmaganligi sababli aybdor shaxslarning tegishli intizomiy javobgarlik masalasini hal etish yuzasidan Samarqand viloyat IIBga xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Jinoyat ishi tergovi davomida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra unda 27 fevral kunidan soat 08:00 dan 1 mart kuni soat 08:00 ga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida Samarqand viloyat Perinatal markazida jami 36 nafar ayol tomonidan 37 nafar chaqaloq tug‘ilgan bo‘lib, 28 fevral kunidan 1 mart kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 5 nafar chaqaloq turli tashxislar bilan vafot etgani qayd etilgan.

Xozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi TB bo‘linma boshlig‘i rahbarligida tergov guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmokda. Jinoyat ishi tergovi Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.