O‘zbekistonda qariyb 2,5 yil ichida qiynoqlar va boshqa noinsoniy yoki qabr-qiymatni yerga uruvchi muomala shakllarini qo‘llagan 41 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yuldashev dushanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

«Afsuski, mas’ul lavozimlarni egallab turgan hamma xodimlarni ham farishtalar deb aytib bo‘lmaydi. Bu kabi savodsiz yoki vijdonsiz odamlar aybi bilan haligacha tergov qilinayotgan shaxslarni qiynash holatlarining uchrayotgani — juda yoqimsiz holatdir. Biroq bu jarayon 10−15 yil avvalgiga o‘xshamaydi», — dedi u «Gazeta.uz» savoliga javob berar ekan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tizimli yondashuv joriy etilgan bo‘lib, uning doirasida qiynoqlar yoki noqonuniy tergov usullari to‘g‘risidagi har qanday xabar nazorat ostiga olinadi, axborot o‘z tasdig‘ini topgan taqdirda, maxsus tekshiruv o‘tkaziladi va qat’iy choralar qo‘llaniladi.

«O‘zbekiston bu masalada o‘zining aniq pozitsiyasini belgilab oldi», — dedi Erkin Yuldashev.

Qiynoqlar va shu kabi boshqa noqonuniy harakatlar bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgani uchun 2017 yilda 27 kishi (tergovchi, tezkor vakil va boshqa mansabdor shaxslar), 2018 yilda — 7 kishi va joriy yilning besh oyida 7 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi.