Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan Qashqadaryoda haydovchi YPX inspektorini urayotgani aks ettirilgan videomaterialdagi holat IIV tomonidan o‘rganildi va rasmiy munosabat bildirildi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Shu yilning 12 iyun kuni, soat 11.00 larda, Qashqadaryo viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan taqsimotga asosan, viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori, safdor B.Boboqulov, «Qarshi-Shahrisabz» yo‘lining 1-km.da «Yo‘l harakati qoidalari"ning 3.27 «to‘xtash taqiqlangan» yo‘l belgisiga amal qilmasdan to‘xtab turgan «Damas» rusumli, davlat raqam belgisi 70 K 064 NA bo‘lgan avtomashina yoniga borib, «kirakashlik» bilan shug‘ullanuvchi haydovchi, Bekzod Rahimovga o‘zini tanishtirib, unga sodir qilgan huquqbuzarligini tushuntirib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan vaqtida haydovchi B.Rahimov safdor B.Boboqulovni qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, qarshilik ko‘rsatib, xodimning xizmat kiyimini yirtib, uning tanasini turli joylariga qo‘lida bo‘lgan yog‘och tayog‘i bilan urib, tan jarohati yetkazgan.

Shuningdek, safdor B.Boboqulov o‘zining «Artel» rusumli qo‘l telefoni orqali holatni videotasvirga olmoqchi bo‘lgan vaqtida haydovchi B.Rahimov safdor B.Boboqulovning qo‘l telefonini tortib olib, xizmatda foydalanish uchun berilgan jezl tayog‘i va ratsiyasini sindirib, voqea joyidan noma’lum tomonga qochib ketgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv chora-tadbirlari natijasida, fuqaro B.Rahimov ushlangan.

Holat yuzasidan Qarshi shahar Tibbiyot birlashmasining 2019 yil 12 iyun kunidagi birlamchi ma’lumotnomasiga ko‘ra, safdor B.Boboqulovga «o‘ng qo‘l yelka qismida lat yeyish shilingan jarohati» va «chap qo‘l tirsak qismida lat yeyish shilingan jarohati» tashxisi qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan fuqaro B.Rahimovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi «a» bandi va 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, fuqaro Bekzod Rahimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Hozirda Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.