O‘zbekiston Moliya vazirligi soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, iqtisodiyotning ayrim sektorlarida tadbirkorlik sub’ektlariga sezilarli miqdorda imtiyoz va preferensiyalar berilganini hisobga olgan holda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning amaldagi tartibidagi mavjud bo‘lgan nomutanosibliklar barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng sharoitlarni ta’minlashda QQSning to‘laqonli zanjirini yaratish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatini bermaydi.

Shu munosabat bilan 1-avgustdan boshlab quyidagi tartiblarni joriy etish taklif etilmoqda:

  • benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yoqilg‘i quyish stansiyalari orqali oxirgi iste’molchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qat’i nazar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadi;
  • tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qat’i nazar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadilar. Bunda, tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida hisobda turishi shart;
  • yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkin;
  • kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 mln so‘mdan oshgan, biroq 1 mlrd so‘mdan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tadi.

Bundan tashqari, 1-oktyabrdan quyidagilarni bekor qilish rejalashtirilmoqda:

  • a) quyidagilarga nisbatan QQS bo‘yicha imtiyozlar, shu jumladan import qilinganda:
  • asbest, ko‘mir, yog‘och materiallari, yog‘och va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xom ashyosi;
  • soya danagi, kungaboqar va kunjut urug‘lari, moyli xom ashyo va shakar xom ashyosi;
  • qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar;
  • b) yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablag‘laridan foiz ko‘rinishida olingan to‘lov manbaini foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlar.

Qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini yaratish va barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng sharoitlarni ta’minlash maqsadida quyidagilar belgilanmoqda:

  • 1-oktyabrdan boshlab o‘zi ishlab chiqargan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi;
  • 2019-yil yanvar oyidan avgust oyigacha 1 milliard so‘mdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega bo‘lgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi mo‘ljallangan yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilar QQS to‘lovchilari hisoblanadilar va belgilangan tartibda QQSni to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Bunda, 2019-yil 1-oktyabrdan boshlab belgilangan pul aylanmasi (tushumi) chegara darajasiga yetgan yagona yer solig‘i to‘lovchilar ushbu darajaga erishilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadi.
  • paxta xom ashyosini ishlab chiqaruvchilar 2019-yil hosilidan boshlab QQSni to‘lashga o‘tadilar. Bunda, ularga 2019-yildagi paxta xom ashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan va 2018-yilning 1-oktyabridan keyin haqiqatda olingan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi beriladi.
  • O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari qismi bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyozga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga imtiyozdan voz kechish to‘g‘risida xabarnoma berish asosida, ushbu xabarnoma berilgan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash huquqi beriladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlariga, yuridik shaxslarining mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yagona yer solig‘ining to‘lov muddatini 24 oygacha muddatga kechiktirish vakolati, ularning mazkur soliqlar bo‘yicha imtiyoz berish huquqini bekor qilgan holda beriladi.

Soliq to‘lovlari muddatini kechiktirish, soliq qarzdorligi bo‘yicha belgilangan penya miqdoridagi foizlarni undirish sharti bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda berilishi nazarda tutilmoqda.

Hujjatda 1-iyuldan boshlab jismoniy shaxslarning O‘zbekiston hududida sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga litsenziyasi bo‘lgan yuridik shaxslarga hayotini uzoq muddatli sug‘urtalash (barcha toifadagi hayot sug‘urtasi sohasi) bo‘yicha sug‘urta shartnomasining har bir amaldagi yili uchun sug‘urta mukofotini to‘lashga yo‘naltiriladigan ish haqi va boshqa daromadlari soliqqa tortilmasligi belgilangan. Bunda sug‘urtalangan shaxsning hayoti uchun sug‘urta to‘lovlari shartnoma bo‘yicha sug‘urta muddati boshlangan kundan boshlab kamida o‘n ikki oydan keyin amalga oshirilishi shart.

Uzoq muddatli hayotni sug‘urtalash shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan va sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urtalangan shaxsga sug‘urta mukofoti qisman yoki to‘la qaytarilgan taqdirda, qaytarilgan sug‘urta mukofotining summasi jismoniy shaxsning soliqqa tortiladigan jami daromadiga kiritiladi. Bunda to‘lov manbaidan jismoniy shaxslarning daromad solig‘ini ushlab qolish va byudjetga o‘tkazib berish majburiyati sug‘urtalovchiga yuklatiladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlar yetkazib berish bo‘yicha import shartnomalari yuzasidan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun, agarda asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlarni yetkazib berish muddati ularning texnik xususiyatlari va o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda 180 kundan ortiq bo‘lsa, moliyaviy jazo choralari qo‘llanilmasligi taklif qilinmoqda.

1-avgustga qadar bojxona imtiyozlarini berish tartibini tubdan qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, ilgari berilgan imtiyozlarni bekor qilish bo‘yicha, quyidagilarga alohida e’tibor qaratgan holda takliflar kiritish belgilandi:

  • qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchisi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga tovarlarni olib kirganda, shuningdek, ish (xizmat)larni import qilganda import qilingan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz o‘rniga 120 kungacha bo‘lgan muddatga qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashni kechiktirish mexanizmlaridan foydalanishni;
  • texnologik asbob-uskunalar uchun bojxona imtiyozlarini berish mexanizmini takomillashtirish va optimallashtirishni.