QHTBT portalida prezidentning «Charm-poyabzal va mo‘ynachilik tarmoqlarini rivojlantirish, shuningdek import o‘rnini bosadigan va eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Xususan, 2019 yil 1 iyuldan quyidagi o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin:

import poyabzalga (TIF TN kodi 6401 — 6405) solinadigan bojxona boji stavkasi amaldagi tovar bojxona qiymatining 10 foizi, biroq bir jufti uchun kamida 1,5 AQSH dollaridan 30 foizgacha, biroq bir jufti uchun kamida 5 AQSH dollarigacha oshiriladi;

tarmoq ichida realizatsiya qilish chog‘ida ishlab chiqarilgan xom ashyo va yarim tayyor mahsulotlar soliq solish ob’ektlari deb hisoblanmaydi;

poyabzal, charm-galantereya mahsulotlari, jun, qorako‘l va sun’iy charmdan tayyorlangan buyumlarni davlat tomonidan xarid qilish chog‘ida (sh.j. strategik xaridorlar tomonidan) mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan 20 foizgacha narx preferensiyasi joriy etiladi.

Bundan tashqari, keyingi yil boshidan yarim tayyor charm mahsulotlarni (TIF TN kodlari 4104, 4105, 4106 21 000 0) olib chiqishga ruxsatnoma berish uchun yig‘imni eksport qilinadigan mahsulotlar qiymatining 5 foizidan 20 foizigacha oshirish rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, kreditlash va Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan foizlarning bir qismini qoplash yo‘li bilan zamonaviy uskunalarni import qilishda tarmoq korxonalariga ko‘mak beradilar. Bo‘sh turgan davlat mulki «O‘zcharmsanoat» uyushmasiga a’zo bo‘lgan tashkilotlarga beriladi. Ularga, shuningdek ularda ishlovchilarga, uyushmaning o‘zidagi chet ellik mutaxassislarga ham soliq imtiyozlarini berish rejalashtirilmoqda.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.