Ijtimoiy tarmoqlarda «Jizzaxda GAI bilan haydovchi urushib ketdi. Haydovchi o‘ziga o‘zi qildi lekin. Endi bu haydovchini uzoq kunlik safarlar kutmoqda» nomi bilan tarqatilgan videomaterial O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2019 yil 10 iyun kuni soat 15.30 larda, Jizzax viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan taqsimotga asosan, Jizzax viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati inspektori S.G‘aniyev, Jizzax shahrining Mustaqillik ko‘chasida joylashgan «Xalqobod» dehqon bozori oldida xizmat olib borayotgan vaqtida, shu ko‘chaning «Jizzax-Uchtepa» yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan «VAZ-2101» rusumli 25 N 932 SA davlat raqam belgili avtomashina o‘rnatilgan tartibda jezl yordamida to‘xtash ishorasi bilan to‘xtatilgan.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan inspektor S.G‘aniyev haydovchiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirayotgan vaqtida, shu yerdan o‘tib ketayotgan Nodir Inomov mast holatda qonuniy faoliyatini bajarayotgan inspektorning xizmat vazifasiga asossiz aralashib, uning bosh hamda badanining turli sohalariga qo‘llari bilan urayotgan vaqtida, shu atrofga xizmatga jalb qilingan patrul-post xizmati xodimi hamda notanish bo‘lgan yo‘lovchi shaxslar tomonidan Nodir Inomov sodir etayotgan huquqbuzarlik holatiga chek qo‘yilgan va Nodir Inomov Jizzax shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 2-sonli Ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan.

Jizzax viloyati Narkologiya dispanserining 2019 yil 10 iyun kunidagi ma’lumotnomasida, fuqaro Nodir Inomov «alkogoldan mastlik holatida» ekanligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, 2019 yil 12 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchi Nodir Inomov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.