O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Human Rights Watch (HRW) huquqni himoya qilish tashkilotidan 13 iyun kuni Toshkentda uning vakili Stiv Sverdolov bilan bo‘lib o‘tgan hodisaga tegishli murojaatni qabul qilib oldi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati.

«Masala har tomonlama o‘rganilmoqda. Uning yakunlari bo‘yicha amaldagi qonunchilikka muvofiq choralar qo‘llaniladi», — deyiladi TIV bayonotida.

«O‘zbek tomoni «Human Rights Watch"ning O‘zbekistondagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi hamda ushbu va boshqa huquqni himoya qilish tashkilotlari bilan hamkorlikni davom ettiradi», — deya ta’kidlanadi bayonotda.

Avvalroq xabar qilinganidek, Human Rights Watch huquqni himoya qilish tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Stiv Sverdlov 13 iyun kuni Toshkentga tashrifi vaqtida videobloger Sardor Komilov tomonidan og‘zaki hujumga duch keldi. Hodisa tasvirlangan videoyozuv Sayyo.com`ning YouTube-kanaliga joylashtirilgan. Unda Sardor Komilov mehmonxonaning birinchi qavatida Stiv Sverdlovni ta’qib qilib, unga HRW faoliyati va boshqa savollarni bergani tasvirlangan.