2019/2020 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga qabul oliy ma’lumotli xodimlarga talab yuqori bo‘lgan sohalar va iqtisodiyot jabhalari uchun davlat buyurtmasi asosida amalga oshiriladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning qarorida ko‘zda tutilgan.

Tabaqalangan to‘lov kontrakt bo‘yicha bakalavriatga qo‘shimcha qabul hamda bazaviy to‘lov kontrakt bo‘yicha magistraturaga qabul parametrlari OTMlar tomonidan vazirlik va idoralar bilan kelishilgan hamda mavjud quvvatlar, moddiy-texnik baza va professor-o‘qituvchi tarkibidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Qaror bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat granti asosida ikki foizlik (umumiy abituriyentlar sonidan) qo‘shimcha qabul kvotasi joriy etildi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyasiga ega bo‘lgan shaxslar uchun bakalavriatning kunduzgi, sirtqi va kechki shakllari bo‘yicha besh foizlik qabul kvotasi belgilandi.

To‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan barcha talabalar endilikda xohishiga ko‘ra kontrakt to‘lovini stipendiyali yoki stipendiyasiz to‘lashlari mumkin.

Sirtqi, maxsus sirtqi va kechki ta’lim shakllari uchun to‘lov kontrakti qiymati xuddi shu bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi to‘lov kontrakti qiymatidan oshmasligi kerak. Bundan tashqari, OTMlar rektorlari bakalavriat va magistraturada chet elliklar uchun to‘lov-kontrakt qiymatini mustaqil ravishda belgilash huquqiga ega bo‘ldi. U O‘zbekiston fuqarosi uchun belgilangan to‘lov kontraktining bazaviy qiymatidan oz bo‘lmasligi kerak.

Yangi tartibga ko‘ra, abituriyentlar endilikda bakalavriat yo‘nalishidan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha magistraturaga qabul bo‘yicha tanlovda ishtirok eta oladilar.

Hujjat bilan 2019−2020 o‘quv yili uchun mamlakat OTMlariga qabul kvotalari ham belgilandi. Bakalavriatning kunduzgi bo‘limlariga 80430 kishi, ta’limning sirtqi bo‘limiga — 19985 kishi, kechki bo‘limlarga — 1985 nafar talaba qabul qilinadi. Magistraturaga qabul kvotasi 7695 kishini tashkil etadi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab OTMlar vazirliklar, idoralar va yirik xo‘jalik birlashmalari (ish beruvchilar) ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda bakalavriatning kunduzgi shakli yo‘nalishlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakti asosida sirtqi va kechki ta’lim shakllarini ochishlari mumkin.

U yerga ish staji eng kamida besh yil bo‘lgan xodimlar ish beruvchilarning tavsiyalari asosida suhbat natijalari bo‘yicha qabul qilinadi. Tanlangan bakalavriatning ta’lim yo‘nalishlari ularning mehnat faoliyatiga mos kelishi lozim. OTMni tugatganlaridan so‘ng ular besh yil davomida ushbu sohada ishlashi talab etiladi.

OTMlarga ta’lim muassasasining salohiyati va joylashgan o‘rni, shuningdek, abituriyentlarning oliy ta’limga ehtiyojlarini hisobga olgan holda tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakti qiymatini mustaqil ravishda belgilashga ruxsat berildi. Bunda eng kam kontrak miqdori OTMga qabul bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Davlat buyurtmasi bo‘yicha o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlarni tabaqalashtirilgan to‘lov kontrakti bo‘yicha OTMga qabul qilish ularning kirish imtihonlarida to‘plagan ballari bo‘yicha amalga oshiriladi.