O‘zbekistonda 2017 yil boshidan buyon 3965 ta korrupsion qonunbuzarlik aniqlandi, deya xabar qildi bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yuldashev Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda.

Jumladan, 2017 yilda 2076 ta, 2018 yilda — 1469 ta va 2019 yilning birinchi besh oyida — 420 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tezkor-qidiruv tadbirlari yakunlari bo‘yicha 3388 ta (mos ravishda 1883, 1299 va 206 ta) ish sudga taqdim etildi.

Mazkur jinoyat ishlari bo‘yicha 5072 kishi (2881, 1907 va 284), jumladan respublika darajasida 70 (17b 48,5) nafar, viloyatlar darajasida 494 (286, 191, 17) nafar hamda tumanlar va shaharlar darajasida 4509 (2578, 1668, 262) nafar shaxs javobgarlikka tortildi.

Javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan korrupsion jinoyatlarning 2706 tasi (1529−1027−150) o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish, poraxo‘rlik — 551 (316−203−32) ta, mansab vakolatini suiiste’mol qilish 368 (229−132−7) ta, mansab soxtakorligi — 111 (86−24−1), mansabga sovuqqonlik bilan qarash — 100 (75−22−3) tani tashkil qiladi.

«Gazeta.uz» muxbirining korrupsiyaga qarshi kurashishda Xitoydagi kabi o‘lim jazosining qo‘llanilishi qanday samara berishi to‘g‘risidagi savoliga javob qaytarar ekan, Erkin Yuldashev Xitoy, Janubiy Koreya yoki boshqa davlatlar tajribasidan bevosita nusxa ko‘chirish to‘g‘ri emasligini ta’kidladi.

«Bizning qonunchiligimizda ham o‘lim jazosi qo‘llash bor edi, qonunlarni qullashning uzoq yillik tajribasidan kelib chiqib, bunday qatiqqo‘lligimiz shaxsni kayta tarbiyalashda samara bermagan, ayrim holatlarda inson huquqlarini tuzatib bo‘lmaydigan darajadagi paymol etilishiga ham olib kelgani uchun bu amaliyotdan voz kechilgan, qonunchiligimiz bu yo‘ldan orqaga qaytmaydi», — dedi prokuror o‘rinbosari.

Erkin Yuldashev asosiy vazifa sodir etilgan jinoyatlar uchun qamab tashlash, og‘ir jazo qo‘llash, uning oqibatlari bilan kurashish emas, balki oldini olishga qaratilgan choralarni ko‘rish hisoblanishini ta’kidlab o‘tdi. Uning fikricha, sud tomonidan tayinlanadigan jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamaydi.

O‘zbekiston fuqarosi jinoyat sodir, etguncha, jinoyat uchun jazo o‘tayotganida va jazo o‘talganidan so‘ng ham O‘zbekiston fuqarosiligicha qolaveradi. Qamoqxonani mahkumlarga to‘ldirib tashlayverish bilan ish bitmaydi, dedi Erkin Yuldashev.

«Bizning vazifamizjinoyatning sodir etib qo‘yishini oldini olish, agar shunday bo‘lgan bo‘lsa, jinoyat oqibatlarini minimallashtirib, xato qilgan shaxsni jamiyatdan butunlay uzilib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan qayta tarbiyalab, elga qo‘shishdan iborat. Toki bu shaxs xatosini tushunsin, afsus qilsin, qilgan jinoyatining oqibatini bartaraf etishda o‘zi ishtirok etib jamiyatga yetkazgan zararini minimallashtirsin», — dedi u.

Bosh prokuror o‘rinbosari o‘rni kelganda qattiqqo‘llik ham kerakligini tan oldi. U 2018 yilning 14 may kuni qabul qilingan prezident qarorida jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilik takomillashtirilayotganini eslab o‘tdi. Bosh prokuratura huzuridagi ishchi guruhi ayni vaqtda Jinoyat kodeksining yangi tahriri ustida ish olib bormoqda.

«Kutilayotgan o‘zgarishlar orasida korrupsiya sohasida jinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan qat’iy jazolarni ko‘zda tutuvchi me’yorlarni joriy etish ham mavjud. Ishlar tugallanish bosqichida. Loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etiladi», — dedi bosh prokuror o‘rinbosari.

So‘nggi marta 2014 yil 14 maydagi qonun bilan Jinoyat kodeksining pora berganlik (211-m.) va pora olish-berishda vositachilik qilganlik (212) uchun jinoiy javobgarlik keskin kuchaytirilgan edi. Ushbu qonun bilan mazkur jinoyatlar uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasidan o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar toifasiga o‘tkazilgan hamda ularning sanksiyalarida 15-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlanishi ko‘zda tutilgan.