O‘tgan hafta Qoraqalpog‘istonda kuchli shamol zarar yetkazgan 34 ta uy tomining 20 tasi profnastildan tayyorlangan, deya xabar qildi Qoraqalpog‘iston Turar joy-kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi «Gazeta.uz"ga. Qolgan 14 ta uyning tomi esa asbest sementli shiferlar bilan yopilgan.

10 ta uyning tomi to‘liq uchirib yuborilgan, ularning 8 tasi — profnastildan, 2 tasi esa shiferdan. Qolgan uylarning tomlari 10−80 foiz shikastlangan (batafsil statistika).

Zarar ko‘rgan uylarning katta qismi — 8 ta uyda 2018 yilda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilgan (2013 yilda — 5 ta uy, 2017 yilda — 4, 2014, 2015 va 2019 yillarda — 3 tadan, 2016 yilda — 2).

Qurilish va ta’mirlash ishlarini «Ta’mirlash-tiklash xizmatlari» DUK (2 ta uy), Azat Invest Story (2), Jayxun Universal Qurulis (2), Qutlimurat Qurilis (2), Nukus Temir Beton (1), Azizbek Nukus (1), Sabina Sayora Kommunal Servis (1), Nukus Guldarxal (1), Qaraqalpaq Awil Jay Qurilis Onlaw (1), Kegeyli Qurilis Montaj (3) va Prima Nukus (1) kompaniyalari olib borgan.

14 iyun kuni 20:32 dan 20:38 gacha Nukusda va Qoraqalpog‘istonning boshqa tumanlarida kuchli shamol qayd etilib, uning tezligi 18−23 m/s gacha bordi. Nukusda shamol 27 ta, Xo‘jayli tumanida — 2 ta, Shumanayda — 4 ta va Tashiatosh tumanida — 1 ta uyning tomiga shikast yetkazdi.

Asosan yangi qurilgan uylarning tomlari binodan qo‘porilib, odamlar hayotiga xavf tug‘dirgan holda pastga qulagan. O‘tib ketayotgan va qo‘yib ketilgan avtomobillar, ko‘p yillik daraxtlarga zarar yetkazgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, Qoraqalpog‘iston prokuraturasi vaziyatni o‘rganmoqda.