O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Omon G‘ofurov boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozdi. Bu haqda O‘zPFL matbuot xizmati xabar qildi.

Tashkilot matbuot xizmatining xabar qilishicha, mutaxassis yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun uzr so‘rab, O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasining yangi rahbariyatiga omad tiladi.

«O‘tgan vaqt davomida mamlakat futbolini rivojlantirish yo‘lida qo‘limizdan kelgancha ishladik. Mana shu davrda yelkama-yelka mehnat qilgan jamoamizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiraman. Mashaqqatli yo‘lda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining yangi rahbariyatiga kuch-quvvat, omad va zafarlar tilayman. Ish bor joyda albatta xato va kamchiliklar ham bo‘ladi. Buning uchun mamlakat futboli jamoatchiligidan, futbol muxlislaridan uzr so‘rayman. O‘zbekiston futboli va uning muxlislari katta g‘alabalarga munosib. Hammasi uchun rahmat», — dedi Omon G‘ofurov o‘z arizasi haqida ma’lumot berar ekan.

Omon G‘ofurov (1984 yilda tug‘ilgan) PFLga 2017 yilning oktyabridan rahbarlik qilib kelayotgan edi.

Avvalroq O‘FA prezidenti o‘rinbosarlari — Boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov va ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov iste’foga chiqqan edi. Hakam Ravshan Ermatov hamda IIV rahbari o‘rinbosari Muhiddin Jo‘rayev vitse-prezident v. b. etib saylandi.