Yaqinda Amerikadagi kollejda dars o‘tdim va talabalar uchun Sobiq ittifoqda 1982 yilda Brejnev nekrologi bilan chop etilgani «Pravda» gazetasini olib bordim. Semestr yakunida uni kutubxonaga topshirishga qaror qildim. U yerda gazetani mamnuniyat bilan qabul qilib olishdi. Bir haftadan keyin esa pochta orqali yuborilgan chekni oldim. Uning yordamida soliq bonusiga ega bo‘lishim mumkin ekan. Albatta, O‘zbekistonda bu chekning foydasi yo‘q. Biroq kutilmaganda men o‘zim uchun metsenatga aylandim.

Ehtimol siz ham Gollivud yulduzlarining millionlab dollarni xayr-ehson uchun sarflagani haqida eshitgandirsiz. Albatta, ular bu ishni yaxshi niyatlarda qiladi. Biroq, baribir, bundan qandaydir foyda olishadi ham. Chunki AQSHda metsenatlar katta imtiyozlarga ega. Barcha xayr-ehsonlari ular to‘lashi kerak bo‘lgan soliqlar hisobidan. AQSHdagi soliqlar esa juda yuqori.

O‘zbekistonda metsenatlar sinf sifatida shakllangan emas. Alohida shaxslar va tadbirkorlar jasurlik bilan madaniyat va san’at rivoji uchun boyligidan sarflaydi, biroq metsenatlik ommaviy harakatga aylangani yo‘q. Lekin har doim ham bunday bo‘lgan emas.

Akademik Galina Pugachenkova o‘zining «O‘zbekiston san’ati tarixi» asarida shunday yozadi: «Italiyada Renessans davrida bo‘lgani kabi, Temuriylar sharqida ham metsenatlar homiyligi ostida badiiy san’at, adabiyot va ilm-fanning taraqqiy etishi yuz berdi. Ular hukmdor oilasi shahzodalari, vazirlar, yirik savdogarlar, ba’zida esa diniy ulamolar vakillari edi».

Bugun, afsuski, bu madaniyat yo‘qotildi. Ehtimol Amir Temur, Alisher Navoiy va Mirzo Ulug‘bek davrida san’atning gurkirashi siri ortidan shu yotgandir? Afsuski, bugungi san’at kamdan-kam hollardagina foyda keltiradi va homiylikka juda ham muhtoj.

O‘zbekistonda soliq to‘lovchilarning pullari davlat tizimi orqali madaniyatni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Bu tizim takomillashmagan va pul, to‘g‘risini aytganda, tizim uchun yetarli emas. Shu sababdan san’at, ayniqsa zamonaviy san’at bizda qiyinchilik bilan rivojlanmoqda.

Ushbu muammoni metsenatlar hal etishi mumkin. Metsenatlarni reklama beruvchilar bilan adashtirmaslik kerak. Metsenat evaz uchun hech narsa kutmaydi. Uning oliyjanob va uzoq muddatli maqsadi — mamlakatda san’atning rivojlanishi uchun muhit yaratishdan iborat. Metsenatlik sarmoyasi o‘n yillardan keyin o‘z mevalarini berishni boshlashi mumkin. Metsenat — xayr-ehson qiluvchi emas. U faqat san’at bilan shug‘ullanadi. Xayr-ehson qiluvchi esa ehtiyojmand insonlar va ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.

Qanday qilib metsenatlarni rag‘batlantirish va ushbu «qanotsiz farishtalar» sinfini shakllantirish mumkin? Bunda rivojlangan mamlakatlarda qo‘llanilayotgan imtiyozlar yordamga kelishi mumkin. Biroq buning uchun qonunchilikni isloh qilishga to‘g‘ri keladi, chunki metsenatlar yuridik nuqtai nazardan mavjud emas.

«O‘zbekistonda metsenatlar yo‘q, chunki ular faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hujjat mavjud emas. Ular mablag‘laridan samarali foydalanish uchun tajriba yo‘q. Hozir qariyb barcha madaniy tadbirlar davlat tomonidan tashkillashtiriladi, juda kam barqaror loyihalargina xususiy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Davlat san’atga erkinlik berishdan, metsenatlarga va mustaqil san’atkorlar, musiqachilar va rassomlarga o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatini taqdim etishdan qo‘rqmasligi kerak», — deb hisoblaydi Oxus Culture jamiyati rahbari Xusniddin Ato.

«Metsenatlik to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishi — O‘zbekiston uchun eski va dolzarb muammo. Bu ko‘plab mamlakatlarda allaqachon sinovdan o‘tgan. Va u rostdan ham ishlaydi. Men chet ellik ma’ruzachilar va kuratorlarning metsenatlik yordami to‘g‘risidagi hikoyalarini qayg‘u bilan tinglaganman. Ishbilarmonlarga ham bu foydali», — dedi «Ilhom» teatri direktori o‘rinbosari Irina Bxarat «Gazeta.uz"ga.

Yaxshi yangilik! O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan «Metsenatlik to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Keling, bo‘lg‘usi «farishtalar"ga qanday imtiyozlar taqdim etilishi haqida so‘z yuritamiz. Ular metsenatlar madaniyat uchun faol ravishda mablag‘ ajratishlari uchun yetarlimi?

Deylik, 2018 yilda 10 mln so‘m ishlab topdingiz va yangi ko‘rgazma uchun sevimli galereyangizga 1 mln so‘m ajratishga qaror qildingiz. Ushbu raqamga 10 foiz qo‘shiladi. Va siz soliq to‘lashingiz kerak bo‘lgan ushbu mablag‘dan 1,1 mln so‘m ayiriladi. Natijada siz 8,9 mln so‘mdan soliq to‘laysiz.

Bu yerda birvarakayiga to‘rtta tomon uchun ham foyda bor. Metsenat imtiyozga ega bo‘ladi va san’atni rivojlantirayotganidan qoniqish hosil qiladi. Galereya ko‘rgazma tashkil etish imkoniga ega bo‘ladi. Jamiyat uni tomosha qilishi mumkin bo‘ladi. Davlat esa galereyani qo‘llab-quvvatlashi uchun pulf sarflashdan xalos bo‘ladi va ushbu mablag‘larni boshqa maqsadlarga yo‘naltiradi. Masalan, madaniyat va istirohat bog‘ini ta’mirlashga.

«Soliq imtiyozlari kuchli rag‘bat berishi kerak. Biroq imtiyozlar tizimi joriy etilganidan so‘ng salohiyatli homiylar bilan ulkan tushuntirish ishlari olib borilishi lozim. To‘g‘ri sharhlash hamda soliq imtiyozlarini amaliyotga joriy etish mexanizmlarini ishlab chiqish muhim», — deb hisoblaydi qonun loyihasi mualliflaridan biri, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Gayane Umerova.

Taklif etilgan imtiyozlar tadbirkorlarni qiziqtiradimi? Ularda faol ravishda san’atga sarmoya kiritish istagi paydo bo‘ladimi? Ushbu savollar bilan bir qancha tadbirkorlarga yuzlandik.

«Metsenatlik uchun mening motivim — madaniyatimizni rivojlantirish. Imtiyozlar paydo bo‘lsa, yaxshi bo‘lar edi. Lekin men uchun imtiyozlar hal qiluvchi omil emas. Men o‘zim hissa qo‘shayotgan narsadan ma’naviy qoniqish olaman», — deb hisoblaydi «Grand» biznes markazi sohibi Ravshan O‘ktamov.

«Shubhasiz, yangi qaror O‘zbekistonda metsenatlikni rivojlantirish uchun kuchli turtki beradi. Kecha faqat madaniyat homiyligi to‘g‘risida o‘ylab yurganlar bunday qaror foydasiga jiddiy dalilga ega bo‘ladi. Mening fikrimcha, bir necha yirik homiylar bazasida sog‘lom ekotizimni yaratib bo‘lmaydi, metsenatlik elita klubi bo‘lmasligi kerak. Muhokama qilinayotgan hujjat mamlakatimizga metsenatlikni haqiqiy ommaviy hodisaga aylantirish imkonini beradi va bu faqatgina olqishlanadi», — dedi Beeline kompaniyasining tashqi aloqalar va kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Oraz Abdurazzoqov.

«Korzinka.uz» supermarketlar tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov esa metsenat va homiylarga imtiyozlar zarur emas, deb hisoblaydi:

«Xayriya, jumladan tadbirlar, tashkilotlar va madaniyat ob’ektlariga metsenatlik va homiylik qilish ko‘ngilli ravishda va chin dildan bo‘lishi kerak. Ishonamanki, jamiyatdagi qadriyatlarning tadbirkor tomonidan shaxsan qabul qilinishi hamda resurslar, ya’ni korxona foydasining mavjudligi metsenatlik uchun yagona motiv bo‘lishi lozim. Agarda biznes buni o‘z soliq to‘lovlarini qisqartirish uchun amalga oshirsa, faqatgina iqtisodiy manfaatdorlik bo‘ladi, bunday vaziyatda resurslar optimal taqsimlanmaydi».

Kichik biznes soliq hisob-kitoblarining juda murakkab bo‘lishidan xavfsiraydi. «Menga shunchaki pulni berib qo‘ygan osonroq. Soliqlar bo‘yicha hisob-kitoblar uzoq, hujjatlar bilan o‘ralashish yanada ko‘proq davom etadi. Shunchaki xayriya qilish va bularning barchasi haqida o‘ylamaslik arzonga tushadi. Men ko‘ngilli ravishda ajratib bergan bo‘lar edim», — deydi yakka tartibdagi tadbirkor Bobir Nurmuhamedov.

Ularda qanday? Maqola avvalida AQSHni eslab o‘tgan edim. Qo‘shimcha qilish joizki, ushbu mamlakatda Madaniyat vazirligi mavjud emas. Barcha san’at xususiy jamg‘armalar va metsenatlarga tayanadi. Bu yetarlicha radikal. Yevropa mamlakatlarida esa samarali davlat yordami metsenatlik bilan uyg‘un holga keltirilgan.

Endi, keling raqamlarni taqqoslaymiz. 2016−2017 yillarda O‘zbekistonda turli tashkilotlar 2,3 mln dollarlik homiylik va xayriya mablag‘lariga ega bo‘lgan. Ularning 895 ming dollarga yaqini madaniyat va san’at sohasiga ajratilgan. 95 foiz xayriya mablag‘lari davlat tashkilotlariga taqdim etilgan. Xorijiy tajriba esa soliq imtiyozlari tizimi madaniyat sohasiga aynan xususiy kapitaldan sarmoyalarni jalb etishini ko‘rsatmoqda.

Yaponiya, Koreya, Singapur, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Germaniya va boshqa ko‘plab davlatlarda xayriya mablag‘lari qiymatining 75 foizdan 500 foizigacha bo‘lgan stavkalar bo‘yicha soliq imtiyozlari taqdim etiladi. Italiyada 2001−2015 yillarda san’at sohasiga xususiy xayriyalar hajmi 16 mln dan 61 mln yevroga oshdi. Fransiyada esa 2003−2015 yillarda undan ham ko‘proqqa — 83 mln dan 500 mln yevrogacha ko‘paydi.

Biz bilan qo‘shni mamlakatlarda metsenatlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun Rossiya va Qirg‘izistonda qabul qilingan. Rossiya yuridik va jismoniy shaxslar uchun madaniyat va san’at sohasiga dotatsiyaning 80 foizi miqdorida soliq imtiyozlari taqdim etadi.

«Biz fuqarolarimizning nafaqat teatr va muzeylarga tashrif buyurishi, balki ular uchun javobgarlikni zimmasiga olishlari, ular hayotida ishtirok etishlarini ham xohlar edik. Ushbu ko‘mak davlat bilan parallel ravishda mavjud bo‘lishi lozim. Kelajagimiz uchun, farzandlarimiz uchun», — deb hisoblaydi Gayane Umerova.

Madaniyat va san’atni qo‘llab-quvvatlash uchun sabablar ko‘p bo‘lishi mumkin. Biroq siz shaharda yaxshi muzey yoki teatr bo‘lishini istasangiz, bu haqda o‘zingiz ham g‘amxo‘rlik qilishingiz kerak. Davlat ehtiyotkorona g‘amxo‘rlik va ijodiy yondashuv talab qiluvchi masalalarda samarali ish olib bora olmaydi. Jamiyat esa — qila oladi.