15 iyun kuni taxminan 8:45 da Andijonning «Yoyilma» mahallasidagi to‘rt qavatli uyda yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Yong‘in uyning tom qismida joylashgan elektr simidan kelib chiqqan qisqa tutashuv natijasida sodir bo‘lgan.

Olov qo‘shni uy tomiga o‘tib ketmadi. Foto: DYOXB

Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga aniqlik kiritishicha, yong‘in to‘g‘risidagi xabar 9:10 da kelib tushgan. Sakkizta yong‘in brigadasi va ikkita avtomobil krani hodisa joyiga 9:17 da yetib keladi. Yong‘in 9:35 da qurshab olinib, 9:55 da to‘liq o‘chiriladi. Jabrlanganlar va qurbon bo‘lganlar yo‘q.

Olov tomning yog‘och taxtalar va metal qoplamadan iborat 480 kv. m lik tom konstruksiyasini yo‘q qilgan.

Foto: DYOXB

Hodisa joyiga viloyat prokurori o‘rinbosari, shahar prokurori, IIO FMB boshlig‘i, tezkor-tergov guruhi yetib borgan.

1-kichik dahada joylashgan 1-uy 1967 yilda qurilgan, 2012 yilda tom qismi, 2019 yilning fevralida esa binoning tashqi qismi ta’mirlangan. Turar-joyda jami oltita pod’ezd, 64 ta kvartira mavjud bo‘lib, ularda 162 kishi istiqomat qiladi.

Shahar IIB tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Surishtiruvning borishi shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.