Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar Davlat rahbarlari kengashi navbatdagi majlisining asosiy tadbirlari boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Suratga tushish marosimidan so‘ng tor doiradagi uchrashuv o‘tkazildi.

Majlisni Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sooronbay Jeenbekov ochdi. Unda ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari ishtirok etdi.

Tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Sammitda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalarda faol ishtirok etib kelmoqda. Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari tuzilmaning xalqaro nufuzini oshirish, amaliy hamkorlik qamrovini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

2018 yilda Sindaoda o‘tgan uchrashuvda ShHT davlat rahbarlarining Yoshlarga murojaati hamda uni amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar dasturi qabul qilindi. Sentyabrda esa Toshkent shahrida ShHTga a’zo mamlakatlar temir yo‘l idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi o‘tkazildi. Yana shunday tashabbuslarga muvofiq, Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti, Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tashkil etildi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Prezident tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish, investitsiya va innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va kommunikatsiyalar, ekologiya sohalaridagi sheriklikni kengaytirish, agrotexnologiyalar, turizm va gumanitar almashinuvlarni rivojlantirish, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha dolzarb fikrlar bildirdi va muhim tashabbuslarni ilgari surdi.