«Milliy tiklanish» Demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Alisher Keldiyevich Qodirov O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari lavozimiga saylandi. Bu haqda O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Alisher Qodirov nomzodi 13 iyun kuni Qonunchilik palatasida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasining qo‘shma yig‘ilishida tasdiqlandi.

Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Yig‘ilishda quyi palata spikeri o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan hamda avvalroq «O‘zagrosug‘urta» sug‘urta kompaniyasiga rahbar etib tayinlangan Sarvar Otamuratovni Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari hamda Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi lavozimlaridan ozod etish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi va quyi palataning tegishli qarori qabul qilindi.