O‘tgan yilning kuzida Hisor qo‘riqxonasida topilgan ikki bosh qor qoploni bolasi yurak qon-tomir kasalliklaridan o‘ldi, deya xabar qildi Toshkent hayvonot bog‘i ma’muriyati «Gazeta.uz"ga.

Ushbu qor qoploni bolalari O‘zbekistonda ilk bor aniqlangan edi. Ular respublika hududida mazkur turning ko‘payishiga ishonchli dalil sifatida baholandi.

Qor qoploni bolalari vaqtincha saqlash va karantinlash uchun Toshkent hayvonot bog‘iga joylashtirildi. Ular uch oylik edi. Ma’muriyatdan qayd etishicha, yo‘l stressi olgan jonivorlarning ahvoli juda charchoq, ozg‘in va yara-chaqa holatida edi. Erkak qor qoploni bolasining dum sohasida to‘rtta chuqur oqma yara bor edi.

Hayvon bolalari olib kelinishi bilan tekshiruvdan o‘tkazilib, ular to‘liq tinch qo‘yildi, muntazam ravishda davo choralari ko‘rilib, ushbu tur yoshiga mos ravishda uch mahal oziqlantirildi. Jonivorlar alohida volerga joylashtirilib, tashrif buyuruvchilardan to‘liq ixotalandi.

Qoplonlarga tajribali veterinar mutaxassis va xizmat ko‘rsatuvchi xodim biriktirildi, deya qayd etdi ma’muriyat. Xodimlar muntazam ravishda Moskva hayvonot bog‘ining turli xizmatlari raharlaridan maslahat va metodik yordam olib turdi.

Shunga qaramasdan, erkak qoplon bolasi hayvonot bog‘ida 16 dan 22 sentyabrgacha yashay oldi. Veterinarlar uning miokarddan o‘lganini aniqladi. Urg‘ochisi esa 13 dekabr kuni miokard infarktidan nobud bo‘ldi.

2014 yilda Hisor qo‘riqxonasiga o‘rnatilgan fotoqopqon yordamida ilk bor O‘zbekistonda qor qoplonlari yashashi vizual isbotlandi.

2017 yilda qor qoploni landshaftini saqlash bo‘yicha 2022 yilgacha mo‘ljallangan loyiha ishga tushirildi. Ushbu loyiha doirasida O‘zbekistonda qor qoplonlarini o‘rganish va saqlab qolish uchun biologik namunalar tahlili olib borilmoqda.

Qor qoploni (Panthera uncia) mushuksimonlar oilasiga kiruvchi yirik yovvoyi sut emizuvchi bo‘lib, Shimoliy va Markaziy Osiyo hamda Himalay tog‘larida yashaydi. Qor qoploni Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil ro‘yxati va u uchraydigan barcha mamlakatlarning Qizil kitoblariga kiritilgan bo‘lib, yo‘qolish xavfi yuqori bo‘lgan yirtqich hayvon sifatida baholanadi.

O‘zbekistonda bu hayvon yashaydigan hududlarning umumiy maydoni 10000 km² yoki global maydonning 0,36 foiziga teng. Qor qoploni G‘arbiy Tyan-Shanning Chotqol, Pskent, Ugam va Kuramin tog‘ tizmalari, shuningdek Pomir-Oloy tog‘ tizimining G‘issor, Turkeston, Zarafshon tog‘ tizmalarida yashaydi. O‘zbekistonda qor qoplonining soni 30−50 dan 80−120 gacha baholanadi.

Qor qoplonining yashashi uchun asosiy xavflar: yashash joylarining degradatsiyasi, o‘g‘rincha ovlash, uy hayvonlariga hamla qilgani uchun qasos o‘laroq hayvonlarni o‘ldirish, ilvirsni muhofaza qilish bo‘yicha yetarli bo‘lmagan chora-tadbirlar va past xabardorlik.

O‘zbekistonda qor qoplonini monitoring qilish dasturi doirasida BMTTD loyihasi, Ekologiya davlat qo‘mitasi, O‘zR Fanlar Akademiyasi Zoologiya instituti mutaxassislari tomonidan hayvonni tutmasdan va unga jismoniy ziyon keltirmasdan uni o‘rganish va tekshirish imkonini beruvchi noinvaziv genetik tahlil usullarini qo‘llash bo‘yicha innovatsion texnologiya joriy qilinmoqda. Bunda o‘zbekistonlik olimlar qor qoplonining bavl namunalarini laborator tahlil qilish orqali uning turi, jinsi va identifikatsiyasini aniqlash imkoniga ega bo‘ladi. Mamlakatda qor qoplonining zichligi va sonini davriy baholash uchun noinvaziv genetik tahlil usuli yordamida O‘zbekistonda qor qoplonini monitoring qilish dasturi amalga oshiriladi.