Toshkent hokimiyati amaldagi poytaxt gerbining «zamonaviylashtirilgan elementlar» bilan yangilangan talqinini taqdim etdi.

«Biz avvalgi gerbning ba’zi elementlarini zamonaviylashtirdik. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz unga amaliy jihatdan yangilik kirituvchi biror narsa qo‘shilmagan. Kiritilgan o‘zgartirish Toshkent shahar hokimligi ma’muriyati bilan kelishilgan va ma’qullangan», — deyiladi shahar ma’muriyati xabarida.

Toshkentning amaldagi gerbi 1997 yilda tasdiqlangan. Uning mualliflari — Saidolim Sharipov va Jalon Umarbekov. Hozirgi gerb orqa foni moviy rangdagi aylanadan iborat bo‘lib, uning ichida ochilayotgan darvozalar, yashil daraxt, uzum va gullar, tog‘lar va quyosh nurlari aks ettirilgan. Yuqori qismiga KUCH ADOLATDADIR so‘zlari doirasimon shaklda tushirilgan.

Gerbning avvalgi ko‘rinishi. Foto: Toshkent hokimiyatining Facebook-sahifasi.

O‘tgan yilning iyulida poytaxt gerbini ishlab chiqish bo‘yicha ochiq tanlov e’lon qilingan edi. Tanlovga 118 nafar rassom va dizaynerlardan 310 ta ish kelib tushdi. Tanlov komissiyasining fikricha, unda Yuliya Zatilovskaya g‘olib bo‘ldi, biroq uni hokimiyat tasdiqlashi kerak edi. Poytaxt ma’muriyatining payshanba kuni xabar qilishicha, «gerb konsepsiyasi» yakunda qabul qilinmadi.

Fevralda Toshkent logotipi tanlovi g‘olibi aniqlangan edi. G‘olib deb topilgan MA’NO brend agentligi talqinida asosiy belgi ochilayotgan oltin darvoza va «T» shaklini hosil qiluvchi musaffo osmondan iborat. Hokimiya xabarida ma’muriyat undan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganayotgani ma’lum qilinadi.