12 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat soliq qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida mavzusida va jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda yangi soliq konsepsiyasi, kuchga kirgan o‘zgarishlar, jismoniy shaxslarga soliq yukining pasaytirilishi, tadbirkorlik sub’ektlariga yengillashtirilgan soliq stavkalarining qo‘llanilishi, qo‘shimcha qiymat solig‘i va boshqa yangi soliqlar implementatsiyasi hamda berilayotgan imtiyozlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Soliq to‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida elektron hisobvaraq-fakturalar joriy etilgani va hozirgacha uni 16 mingdan ortiq soliq to‘lovchilar o‘z faoliyatida qo‘llagani, ushbu hisobvaraq-fakturalarda aks etgan jami soliq summasi 5 trln so‘mni tashkil etgani qayd etildi.

Muloqot davomida QQS tizimi bo‘yicha imtiyozlarni tugatishga doir kelgusi rejalar haqida gapirildi.

«Bizning maqsadimiz ijtimoiy mohiyatdagi, xususan dori-darmon, kitob va gazetalar faoliyati bo‘yicha QQS imtiyozini qoldirib, qolgan barcha sohalar bo‘yicha QQS imtiyozini bekor qilish, shu ko‘zda tutilgan, — dedi Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev. — Bu o‘zgarish 2020 yil 1 yanvardan kuchga kiradi».

Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosarining aytishicha, barcha tadbirkorlik sub’ektlari va korxona, tashkilotlar QQS tizimida qamrab olingach, soliq stavkasini qayta ko‘rib chiqish, uni o‘zgartirish va muvofiqlashtirish imkoniyatlari paydo bo‘ladi.

Brifingda soliq to‘lovchilarga soliqlarning mazmun-mohiyati va ularni qo‘llash tartibini to‘laqonli yetkazish maqsadida soliq xizmati organlari tomonidan «Maslahat xizmati oynasi» tashkil etilayotgani, maxsus metodik qo‘llanmalar tayyorlanayotgani, QQSni to‘lashga o‘tishda zarur yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.