2019 yil 12 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Yunusobod tumani 12-mavzedagi 25-uyning orqa tomonida daraxtlarning kesilayotgani haqidagi xabar e’lon qilingan edi. Toshkent shahar hokimligi va shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan ushbu holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, bu yerdagi daraxtlar noqonuniy ravishda kesilgan. Bu ishni amalga oshirgan davlat raqami 01/ G 365 HA bo‘lgan avtotransport egasi voqea joyidan zudlik bilan g‘oyib bo‘lgan. Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi qidiruv bo‘limi tomonidan olib borilgan tezkor tadbir natijasida avtotrasport vositasi ushlanib, vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirildi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu qonunbuzarlik Z.Soliyev tomonidan amalga oshirilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki surishtiruv va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-sonli qaroriga asosan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash ishlari olib borilmoqda.

Fuqarolarning murojaati asosida huquqbuzar qo‘lga olindi va sodir etgan noqonuniy harakati uchun tegishli jazoga tortiladi. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 162-moddasiga muvofiq, bu yo‘nalishdagi huquqbuzarlikka jarima chorasi qo‘llaniladi.