Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 iyundagi qarori bilan Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, filialda bakalavriatning 3 yillik dasturi bo‘yicha yuridik kadrlar tayyorlanadi va oliy noyuridik ma’lumotga ega kadrlar maxsus 6 oylik dastur bo‘yicha qayta tayyorlanadi.

Bakalavriatga 18 yoshdan kichik va 25 katta bo‘lmagan, sog‘lig‘i holatiga ko‘ra xodim yoki harbiy xizmatchining majburiyatlarini bajara oladigan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskada bo‘lgan fuqarolar test sinovi asosida qabul qilinadi.

Bitiruvchilar Ichki ishlar vazirligi yoki Milliy gvardiya tizimida 5 yil ishlab berishi lozim.

Filialga qabul 15 iyundan 15 iyulgacha amalga oshiriladi.

O‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

pasport nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda);

imtiyozni tasdiqlovchi hujjat agar mavjud bo‘lsa;

ta’lim muassasasini tugatganlik to‘g‘risidagi hujjat;

harbiy guvohnoma;

doimiy propiska bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;

6 ta 3,5×4,5 sm fotosurat;

sudlangan yoki sudlanmaganlik bo‘yicha ma’lumotnoma.

Qayta tayyorlash kursiga kirish uchun talabgorlar ichki ishlar vaziri va Milliy gvardiya qo‘mondoni nomiga bildirgi bilan murojaat qiladi.

Qayta tayyorlash kursiga kirish uchun suhbat o‘tkaziladi.