Joriy yilning 3 mart kuni Tayland poytaxti Bangkok shahrida Osiyo Olimpiya kengashining 38-Bosh Assambleyasi (OOK) bo‘lib o‘tgan va unda Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidentligi lavozimiga Markaziy Osiyo mintaqasidan Umid Ahmadjonov saylangandi.

Shu kungacha O‘FA birinchi vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib borgan Umid Ahmadjonov bir vatqning o‘zida Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti sifatida ham ishlayotgandi. Ammo chet elga uyushtiriladigan xizmat safarlari ko‘pligi bois Umid Ahmadjonov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidan ketishga qaror qildi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

«Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidentligi nihoyatda mas’uliyatli vazifa. Kelasi yil Tokioda olipiya o‘yinlari boshlanadi. Mazkur musobaqaga vaqt kam qolmoqda. Xizmat safarlari ko‘p. Shu sababdan O‘zbekiston futbol assotsitsiyasi vitse-prezidentligidan bo‘shash bo‘yicha ariza yozdim.

O‘ylashimcha, o‘tgan vaqt davomida o‘zbek futboli rivoji uchun astoyidil mehnat qilib, qo‘limizdan kelgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirdik. Bularning samarasi asta-sekin ko‘zga tashlanmoqda.

Shu o‘rinda yurtimizda sport rivojiga, xususan, futbol rivojiga katta ahamiyat qaratib kelayotgan prezident Shavkat Mirziyoyevga, barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berayotgan hukumatimiz rahbariyatiga minnatdorchilik bildirib o‘tmoqchiman", — dedi Umid Ahmadjonov.