Bojxona organlari tomonidan O‘zbekistonga uyali aloqa vositalarini noqonuniy olib kirishga urinish holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda Yangiqo‘rg‘on tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro A.F.ning xonadoni xolislar ishtirokida belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada, ushbu xonadonda noqonuniy saqlanib kelinayotgan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 240 million so‘mlik, 120 dona uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruv ishlari olib borilmoqda.