Xalq deputatlari Quyi Chirchiq tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi Akmal Arslonovich Xolmurodov Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur lavozimga iyun boshida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi jarayonida vazifasidan ozod qilingan Sobur Murodov o‘rniga tayinlandi.

Bir vaqtning o‘zida Qo‘ldoshev Abdumalik Abdug‘aniyevich tuman prokurori, Imomov Shuhratali Toirovich tuman soliq inspeksiyasi rahbari sifatida ish boshladi.

Xalq deputatlari Ohangaron tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ham tumanga yangi hokim tayinlandi, deya xabar qildi viloyat hokimiligi matbuot xizmati.

Tumanni 2017 yil iyulidan buyon boshqarib kelayotgan O‘ktam Mingboyevich Tursunov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan vazifasidan ozod qilindi. Turdiboyev Abduvohid To‘xtaboyevich tumanning yangi hokimi bo‘ldi.

4 iyun kuni Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibragimov ham lavozimidan ozod qilingan edi. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Rustam Xolmatov hudud hokimi v. b. etib tayinlandi.