Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash Ulug‘bek jamg‘armasi hamda Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda yurtimizdagi iqtidorli yosh robototexniklar o‘rtasida o‘tkazilgan RoboCUP televizion musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

RoboCUP musobaqasi Robo-sumo hamda Robo-futbol yo‘nalishdan iborat bo‘lib, 2 yosh toifasi, ya’ni 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar hamda 16 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazildi.

Dastlab 5−20 mart oralig‘ida Innovatsion rivojlanish vazirligining saytida arizalar onlayn tarzda qabul qilib olindi. O‘n kishidan iborat maxsus komissiya tomonidan Robo-futbol yo‘nalishi o‘yicha 16 ta jamoa va Robo-sumo yo‘nalishi bo‘yicha 12 ta jamoa tanlab tanlab olindi.

Robo-sumo yo‘nalishida ikki nafar ishtirokchidan iborat har bir jamoa Arduino platformasi asosida robotlar yaratdi va robotlar o‘z kuchlarini sinadi. Ikki oy davom etgan televizion musobaqaning finaliga chiqqan Javohir Rahimov va Ibrohim Sultonov g‘alaba qozonib, Xitoyning Asian Science Camp oromgohiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.


Robo futbol yo‘nalishdagi musobaqa Lego konstruktorlari yordamida yasalgan robotlar o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Bu yo‘nalishda Just robotics jamoasi g‘olib de topildi. Jamoa a’zolari Habibulloh Akromjonov va Asrorxo‘ja G‘anixo‘jayev Turin politexnika universitetiga kirishda imtihonlarida qo‘shimcha 30 foiz imtiyozga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. G‘olib jamoa a’zolari mazkur imtiyozdan istalgan payt foydalanishlari mumkin.

Bundan tashqari, ikki yo‘nalish bo‘yicha ham birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar sohiblariga maxsus diplomlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.