Toshkent shahar prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan B.K. va K.K.ga (1992 yilda tug‘ilgan) nisbatan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, ular 2019 yil 5 iyun kuni soat 19:50 da Mirobod tumani, Farg‘ona yo‘li ko‘chasida joylashgan «Osiyo burger» ovqatlanish shoxobchasining turargohida bo‘lib, I.J. (1991 yilda tug‘ilgan) bilan muqaddam bo‘lgan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida, B.K. o‘zining boshqaruvidagi «Neksiya-3» rusumli avtomashinada I.J.ni qasddan urib yuborgan.

So‘ng K.K. o‘zi bilan olib kelgan pichoq bilan I.J.ni qasddan o‘ldirishni o‘ziga maqsad qilib, bezorilik oqibatida tanasining turli joylariga bir necha marotaba jarohatlarni yetkazib, voqea joyidan yashiringanlar.

2019 yil 7 iyun kuni B.K. va K.K. jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilingan va tegishli protsessual tartibda ushlanganlar.

2019 yil 8 iyun kuni B.K. va K.K. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi 2-qismi «l» bandi bilan ayblov e’lon qilingan va qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ushbu jinoyatga aloqasi bo‘lgan va bevosita qatnashgan boshqa shaxslar tergov-tezkor yo‘li bilan tekshirilmoqda.

Jinoyat ishi bo‘yicha tegishli ekspertizalari tayinlangan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.