Toshkentda Mustaqillik maydonidagi ulkan favvorani kapital ta’mirash boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Vazirlar Mahkamasi qarshisidagi favvora shaharning eng asosiy diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lib, shaharliklar va Toshkent mehmonlari bu yerda suv zarralari ostida sayr qilishni xush ko‘rar edi.

«Favvora qurilganidan buyon restavratsiya qilingani yo‘q. Mazkur favvoraning qurilganiga 50 yil bo‘lgan. Hozirda uning ayrim joylari darz ketgan. Agar vaqtida ta’mirlanmasa metroga suv tushish ehtimoli bor», — deyiladi xabarda.

«Bundan tashqari, favvora keragidan 8 barobar ko‘p elektr energiyasi iste’mol qiladi. Hozirgi kunda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlari sabab elektr yanada tejaladi», — deya qayd etdi shahar ma’muriyati.

Favvoraning shu yil oxiriga qadar ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishda qayta ishga tushirilishi kutilmoqda. Avvalroq maydonning boshqa tomonidagi favvora rekonstruksiya qilingan edi.