4 iyun kuni respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligi o‘zining Telegram-kanalida.

Farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida 12 ta shtat birligidan iborat Respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘limi tashkil etildi. Bo‘lim faoliyati bosh vazir tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Bo‘lim Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq va Chirchiq shaharlari, Sirdaryo viloyatining Shirin shahri, Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Surxondaryo viloyatining Sharg‘un shaharchasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni samarali hal etilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, shaharlar iqtisodiyotining raqobatbardoshligini tubdan oshirish, innovatsion faoliyatni rivojlantirish, shaharlarni ishlab chiqarishga jalb etilmagan rezerv va imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, shaharlarda aholi daromadlari o‘sishini ta’minlash kabi vazifalar bo‘limning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar har chorakda Vazirlar Mahkamasi Rayosati yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladi.