O‘zbekistonda xorijga chiqish pasportini berishdagi muammo va kamchiliklar uskunalar yetishmasligi sababli kuzatilmoqda. Bu haqda IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahriddin Shorixsiyev dushanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.

Respublikada xorijga chiqish pasportini berish 4 yanvardan boshlandi. Bu vaqt davomida 312 mingdan ortiq fuqarolar hujjatga ega bo‘ldi. 2015−2018 yillarda xorijga chiqishga ruxsat beruvchi stiker har yili o‘rtacha 200 ming kishiga berilgan, deya xabar qildi bosh boshqarma rahbari. Yangi xorijga chiqish pasporti 10 yil muddatga beriladi.

«Muayyan muammo va kamchiliklar bo‘ldi. Eng asosiy sabablardan biri — texnika masalasi. Bizning texnikalar Germaniyadan olib kelinadi. Hozirda Toshkentda — 12, Andijonda — 5, Buxoroda — 2, Jizzaxda — 1, Navoiyda — 1, Namanganda — 2, Samarqandda — 3, Sirdaryoda — 1, Surxondaryoda — 1, Farg‘onada — 2, Xorazmda — 1, Qashqadaryoda — 2 va Qoraqalpog‘istonda — 1 dona (jami 39 ta — tahr.) uskuna o‘rnatilgan», — dedi Bahriddin Shorixsiyev.

Hujjat olish istagida bo‘lganlar soni ko‘pligi bois «xorijga chiqish pasportini o‘z vaqtida berishda ayrim muammolar vujudga keldi. Agarda biz avvallari kuni 70 kishini suratga olgan bo‘lsak, hozirda bu raqam 300 kishigacha ortgan».

Yil oxirigacha O‘zbekiston tumanlarini xorijga chiqish hujjatlarini berish tizimlari bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

«O‘ylaymanki, bir-ikki oy ichida tizim me’yorida ishlashni boshlaydi va muammolar bo‘lmaydi», — dedi IIV vakili.