YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) hamda YeXHTning Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi Qozog‘iston prezidenti saylovi kunidagi qonunbuzarliklar hamda rasmiy jarayonlarga beparvolik natijasida ovozlarning halollik bilan hisob-kitob qilinishi ta’minlanmaganini ma’lum qildi. Bu haqda 10 iyun kuni chop etilgan missiya hisobotida so‘z boradi.

Kuzatuvchilar missiyasi saylovning yaxshi tashkil etilgani, ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlarning rekord darajadagi soni va kampaniyada ayollarning ishtirok etganini qayd etib o‘tdi. Biroq kuzatuvchilarning fikricha, kampaniya vaqtida tanqidiy qarashlar kam ilgari surildi. Saylovning o‘zi hukmron siyosiy partiyaning yakkahokimligi va tanqidiy fikrlarni yengib o‘tgan muhitda bo‘lib o‘tdi.

Davlat xizmatchilari va talabalar xalqaro kuzatuvchilarga hukumat ularni saylovoldi tadbirlarida ishtirok etishga va amaldagi prezidentga ovoz berishga majburlagani to‘g‘risida ma’lum qildi. Bunday harakatlar partiyalar va davlat o‘rtasidagi chegaralarni barbod qilib, fuqarolarning o‘z irodasini erkin ifoda etish imkoniyatlarini xavotir ostiga qo‘ydi, deya qayd etdi kuzatuvchilar.

«Kampaniyagacha va kampaniya vaqtida yig‘ilish va siyosiy erkinlikning cheklangani, tinch namoyishchilarning jarimaga tortilib, hibsga olinishi yanada kattaroq xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. Bu Qozog‘istonning ikki o‘n yillikdan ortiqroq vaqt avval qabul qilingan demokratik tamoyillarni tasdiqlash bo‘yicha majburiyatlariga zid keladi», — dedi DIIHBning saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi rahbari Urshula Gatsek.

Kuzatuvchilar Konstitutsiyada kafolatlangan axborotlardan xabardor bo‘lish va fikr erkinligi ham qonunchilik bilan chegaralanganini qayd etib o‘tdi. Respublikada veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlarga kirish tez-tez bloklandi va ommaviy muhokamalar imkoniyati cheklandi. OAVda amaldagi prezident Qosim-Jomart Tokayev harakatlari va uning nomzodi Nursulton Nazarboyev tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi barcha nomzodlarga teng sharoitlarni yaratmadi. Bu saylovchilarning xabardor holatda tanlovini amalga oshirish imkoniyatini chekladi, deyiladi bayonotda.

«Qozog‘iston Respublikasi prezidentligiga navbatdagi saylovda nomzodlar soni siyosiy xilma-xillikni o‘zida aks ettirgan bo‘lsa ham, chinakam plyuralizm yetkazib berilmadi», — dedi Urshula Gatsek.

2010 yilda Qozog‘iston Sobiq ittifoq mamlakatlari ichida birinchi bo‘lib Yevropada havfsizlik va hamkorlik (YeXHT) tashkilotiga raislik qilgan edi. Mamlakatning YeXHTdagi raisligi to‘rtta «T»: ishonch (trust), qadriyat (tradition), shaffoflik (transparency) va bag‘rikenglik (tolerance) shiori ostida amalga oshirildi.

Qozog‘iston prezidentligiga navbatdan tashqari saylov 9 iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Dastlabki yakuniy hisob-kitoblarga ko‘ra, Qosim-Jomart Tokayevga 70,76 foiz saylovchilar ovoz berdi.

Saylov kuni yuzlab odamlar Qozog‘iston shaharlarida ruxsat berilmagan namoyishlarga chiqdi, qariyb 500 kishining qo‘lga olingani xabar qilindi. Yig‘ilganlar mamlakatda bo‘lib o‘tayotgan prezidentlik saylovini boykot qilishga chaqirdi.

Qozog‘istonning Zakon.kz nashri ma’lumotlariga ko‘ra, saylov yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida Qosim-Jomart Tokayev namoyishga chiqqan fuqarolar bilan yangicha muloqot shaklini taklif qildi.

«Fuqarolar tomonidan e’lon qilingan namoyishlar masalasiga kelsak, muloqot shaklini taklif etish kerak, deb hisoblaymiz. Men fikr almashishimiz mumkin bo‘lgan jamoatchilik ishonch qo‘mitasi tashkil etilib, unga jamiyatimizning turli doiralari kiritilishi haqida aytdim. Mening qat’iy pozitsiyam shunday: turli xil fikrlar mavjud bo‘lishi mumkin, biroq biz yagona xalqmiz. Turli fikrlar, ammo yagona xalq», — dedi davlat rahbari.

U saylov arafasida huquqni muhofaza qilish organlariga imkon qadar tiyilish topshirig‘i berilganini ma’lum qilib o‘tdi. «Va ular namoyishlar vaqtida shunday qilishdi. Kelgusida ular o‘zlarini shunday tutishadi», — deya ta’kidladi Qosim-Jomart Tokayev.