O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyun kuni Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabarti boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati. Bu bank rahbarining so‘nggi ikki yilda respublikaga amalga oshirgan uchinchi tashrifidir.

Uchrashuvda amaliy hamkorlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini va kreditlarni o‘zlashtirishni tezlashtirish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini shakllantirishga ko‘rsatilayotgan ko‘makni kengaytirish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston prezidenti huzurida Xorijiy investorlar kengashini tashkil etish va uning birinchi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Eslatib o‘tamiz, kengash YeTTB ko‘magida tashkil etilmoqda. Uning tarkibidan O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan yirik xorijiy korxonalar vakillari o‘rin oladi. Mazkur organ ular faoliyati bilan bog‘liq muammo va masalalarni samarali hal etishga imkon yaratadi.

Suma Chakrabarti YeTTBning O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali sheriklikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va davom ettirish borasida intilishi qat’iy ekanini ta’kidladi. Qo‘shma loyihalar portfeli kengaymoqda. Zayom kelishuvlari imzolanib, qiymati jami 600 million dollardan ziyod kredit mablag‘larini jalb etgan holda mamlakat hududlarida energetik va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor investitsiya loyihalari tayyorlanmoqda. Xususiy sektor loyihalariga 100 million dollardan ziyod investitsiya kiritildi. Bundan tashqari, umumiy qiymati 800 million dollarga yaqin bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga ega istiqbolli dastur va loyihalar ishlab chiqilmoqda.