Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Samarqand, Buxoro, Namangan va Qarshida davlat-xususiy sherikchilik (DXSH) orqali suv ta’minoti infratuzilmalarini yaxshilashda O‘zbekistonga yordamlashadi, deya xabar qildi bank matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Ushbu to‘rtta shaharda suv ta’minoti infratuzilmalarini yaxshilash uchun DXSH bo‘yicha konsultatsion xizmatlarni ko‘rsatish to‘g‘risidagi memorandum O‘zbekiston uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari Dilshod Azimov va OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi rahbari Sindi Malvichini tomonidan imzolandi.

Sindi Malvichinining so‘zlariga ko‘ra, OTB hukumatga 2021 yil boshiga qadar ushbu shaharlarda suv ta’minoti va sanitariya loyihalarini tayyorlash hamda xususiy sheriklarni jalb qilishda maslahatchi sifatida yordam ko‘rsatadi.

Xususiy sektorning ishtirok etishi O‘zbekistondagi mavjud suv ta’minoti va sanitariya tizimlari faoliyati va boshqaruvini yaxshilashga xizmat qiladi. Bu sektordagi vaziyatni yaxshilash uchun qo‘shimcha investitsiyalar va xalqaro tajribalarni jalb qilishga yordam berishi mumkin.

Aprelda OTB Toshkent viloyatining Yangiyo‘l va Chinoz tumanlarida mintaqaviy suv ta’minotini qayta tiklash va kengaytirish uchun 105,3 mln dollarlik qarz ajratilishini tasdiqlagan edi.