Navoiy viloyatining Navbahor tumanida shifokorga tahdid qilingani yuzasidan tekshiruv ishlari boshlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

2019 yil yanvar oylarida Navbahor tumani Arabxona mahallasida yashovchi I.E. o‘zining voyaga yetmagan farzandini sog‘ligi yomonlashib davolatish maqsadida Navbahor tumani Tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limiga olib keladi.

Farzandining sog‘ligi yaxshi emasligi to‘g‘risida qabul bo‘limi navbatchi vrachi A.E.ga murojaat qilganida navbatchi vrach A.E. bolalar shifokori emasligini, pediatr shifokori boshqa bemorni ko‘rayotganligini, unga telefon qilib darhol chaqirganligini va pediatr shifokor kelgandan so‘ng u kelib uni farzandini ko‘rishini ma’lum qilgan.

Shu payt fuqaro I.E. navbatchi shifokor A.E.ga tahdid qilib, «bu yer senga tibbiyot instituti emas, javobgarlikni his qilasanmi, bor topib kel, operatsiya deysan, tekshiryapti deysan, sen hali o‘ynashyapsanmi, mol do‘xtiri» degan so‘zlar bilan shifokorga haqoratomuz so‘zlarni gapirgan. Mazkur holat tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan vediotasvirga olingan.

Shifokor A.E. ushbu holat yuzasidan avval murojaat etmaganligi sababli uning arizasi Navbahor tumani IIB NQning Sh-1 kitobidan 2019 yil 8 iyunda 408-qayddan o‘tkazilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.