7−8 iyun kunlari Namanganda Doing business with Namangan xalqaro investitsion forumi bo‘lib o‘tdi. Forum O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Namangan viloyati hokimligi tomonidan tashkil etildi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Forumda 500 nafardan ziyod ishtirokchi, jumladan 350 nafar xorijiy mehmonlar, xususan 36 davlatdan 230 nafar ishbilarmonlik doiralari, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va chet el OAV vakillari, shuningdek O‘zbekistonning Namangan viloyatiga biriktirilgan 18 nafar elchisi qatnashdi.

Ikki kun davom etgan forum yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 320 mln dollar bo‘lgan 39 ta bitim imzolandi. Jumladan, mehmonxona va biznes markazlari qurilishi bo‘yicha 50 mln dollarlik, Pop tumanida foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha 40 mln dollarlik, Rossiyaga to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha 30 mln dollarlik shartnomalar imzolandi.

Forum doirasida ilk bor viloyatda eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari katalogini o‘z ichiga olgan MadeinNamangan.uz internet portali ishga tushirildi.