Rossiyaning uchta ishbilarmonlik nashri — «Vedomosti», «Kommersant’» va «RBK» — 10 iyun kuni «Meduza» jurnalisti Ivan Golunovni qo‘llab-quvvatlab bir xildagi birinchi sahifa bilan chop etildi. Bu haqda «Vedomosti» gazetasi xabar qildi.

Muqovaga «Men/Biz Ivan Golunov» yozuvi tushirilgan. Mazkur jumla Fransiyaning Charlie Hebdo satira nashri tahririyatida otishma sodir etilganidan so‘ng butun dunyoda ayblov ramziga aylangan Je suis Charlie (Men — «Sharli») shiorining muqobili hisoblanadi.

Bundan tashqari, uchta gazeta tahririyati qo‘shma murojaatini ham e’lon qildi. Unda tergov harakatlarini olib borishda maksimal darajada shaffoflikni ta’minlash, jumladan qo‘lga olishda ishtirok etgan IIV xodimlarining harakatlarini batafsil o‘rganish talab qilingan.

«Meduza» muxbiri 6 iyun kuni giyohand moddalar savdosida gumonlanib qo‘lga olingan edi. Ivan Golunov topilgan giyohvandlik moddalari unga tegishli emasligini va aybni tan olishdan bosh tortishini ma’lum qildi. «Meduza» tahririyati hibsga olish Golunovning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq ekaniga ishonch bildirdi.

Shanba kuni Moskvaning Nikulin sudi jurnalistga nisbatan ikki oy muddatga uy qamog‘i ko‘rinishidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilishi to‘g‘risida hukm chiqardi.