9 iyunga o‘tar kechasi Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi «TRZ bozori» nomi bilan mashhur «Marg‘ilon umumiy ulgurji savdo» MCHJda yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Foto: Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, tungi navbatchilikda qolgan Sh. I. soat 02:00 larda 3-sonli savdo paviloni tom qismidagi elektr simida qisqa tutashuv bo‘lib, kuchli chaqnash yuz berganini va natijada yong‘in kelib chiqqanini ko‘radi. So‘ngra binoni elektr tarmog‘idan uzib, bu haqda darhol Marg‘ilon shahar yong‘in qutqaruv qismiga xabar beradi.

Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatining aniqlik kiritishisyucha, soat 02:10 da yong‘in qutqaruv xodimlari hodisa joyiga yetib borgan va soat 04:20 da yong‘in bo‘lgan hudud qurshab olingan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yong‘in soat 05:40 da bartaraf etilgan. Kelib chiqqan yong‘in natijasida halok bo‘lganlar va tan jarohati olganlar bo‘lmadi. Olovni o‘chirishda 19 o‘t o‘chiruvchi va uchta texnika ishtirok etdi.

Hozirda yong‘inni kelib chiqish sabablari va buning oqibatida tadbirkorlarga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.
Yong‘in oqibatida bozorning 1575 kv. metr maydonida tomi va ichki qismi va unda saqlanayotgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari yonib zararlangan.

Ushbu bozorda jami 243 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar savdo-sotiq faoliyati bilan shug‘ullanib keladi.

Mazkur holat yuzasidan Marg‘ilon shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 259-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovning borishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Farg’onaliklar Telegram-kanalida xabar qilinishicha, bozor sobiq traktor ta’mirlash zavodi hududida joylashgan. 2013 yilda Marg‘ilonda sobiq to‘qimachilik kombinati o‘rniga joylashtirilgan «Kombinat bozori» hududida ham yong‘in chiqqan edi.