Bojxona xodimlari «Toshkent» xalqaro aeroportida uyali aloqa vositalarini yashirincha olib kirishga uringan fuqaroni fosh etishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Seul-Toshkent» yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan fuqaro Z.R. harakatlanish uchun «yashil» yo‘lakni tanlab, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida sumkalari ichida oziq-ovqat mahsulotlari borligini ma’lum qildi.

Biroq, fuqaro Z.R. ning qo‘l yuklari rentgen-skaner qurilmalaridan o‘tkazilganda, ushbu fuqaroning «ustamonligi» fosh bo‘ldi. Sumkalar ichidagi oziq-ovqat maxsulotlari orasiga yashirilgan va jismoniy shaxslar uchun tovarlarni bojsiz olib kirish me’yoridan ortiq bo‘lgan kiymati 26 million so‘mlik 114 dona uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tekshiruv ishlari davom etmoqda.